Afandi haqida latifalar

Afandining bir oshnasi og‘zi latta bilan bog‘langan bir xumchani omonat topshirib:
— «Buning ichida voyvoyakning bolasi bor, og‘zini ocha ko‘rmang, uchib ketib qoladi» deb, tayinladi.
U ketgandan keyin, Afandi «voyvoyakning bolasi qanaqa bo‘lar ekan» deb, xumchani ochdi, qarasa: ichi to‘la asal.
Afandi bir tatib ko‘rishi bilanoq xumchaning yonidan ketmay qo‘ydi, uch kun qorni og‘ridi.
Besh-olti kundan keyin egasi kelib xumchani so‘radi. Afandi olib chiqdi. Egasi xumchani ko‘tarib ko‘rib:
— Afandi, men ketgandan keyin xumchani ochib, voy-voyakning bolasini uchirib yuboribsiz, shekilli,— dedi.
— To‘g‘ri,— dedi, Afandi,— uchib chiqib uyasini topolmay, qornimga kirgan ekan, uch kundan beri mening og‘zim bilan voyvoylaydi.
Bir kuni afandini o‘g‘li futbol o‘ynab qaytibdi. Afandi:
— Xo‘sh, nechta gol urding o‘g‘lim?
O‘g‘li:
— Ikkita.
Afandi:
— Hisob nechi bo‘ldi o‘zi?
O‘g‘li:
— 1:1 bo‘ldi ada!!!
Bir kuni afandi kabobxonani yonidan o‘ta turib, kabobdan chiqayotgan tutun hidini hidlabdi. Ziqna kabobpaz “Seni bir boplay!” deb afandini to‘xtatib, unga do‘q uribdi:
— Kabobdan chiqayotgan tutunni hidlaganing uchun pul to‘la! – desa, uddaburon afandi cho‘ntagidan tangalarini chiqaribdi-da, “jaranglatib-jaranglatib” yana cho‘ntagiga solib yo‘lida ketavergan ekan.
Afandi yo‘lda ketayotgan edi. Bir sipohi kelib undan so‘radi:
— Qayerga ketyapsiz?
— Shaharga.
— Ilgari ham shaharda bo‘lganmisiz?
— Ko‘p marta bo‘lganman.
— Qalay, bizning shahar sizga yokdimi?
— Yo‘q, ma’qul bo‘lmadi. Qarovsiz, iflos, qimmatchilik...
— Odamlari qalay?
— Shaharning boylari qupol, firibgar, ochko‘z ekan.
— Shaharning begi to‘g‘risida nimalar bildingiz?
— Shahari shu bo‘lsa, uning begi nima bo‘lar edi! Mol egasiga o‘xshamasa, harom o‘ladi. Bekni xam o‘ta ketgan zolim, maishatparast odam deydilar.
Sipohining quti o‘chdi, mo‘ylablarini burab, ko‘zlarini chaqchaytirdi va dag‘dag‘a bilan dedi:
— Men bu shaxarning begiman!
Afandi darrov so‘rashgani qo‘l cho‘zib:
— Salomatmilar? Yaxshiyam shaharning begi to‘g‘risidagi gaplarga ishonmaganim.— dedi.
Podsho kechasi yo‘lda ketayotgan edi, Afandiga duch kelib qoldi. Uni masxaralamoqchi bo‘lib:
— Iya, Afandi, sizmisiz? Qorong‘ida men sizni it-mikin debman!— dedi.
Afandi podshoga ta’zim qilgani holda, javob berdi:
— Kechirasiz, shohim, siz ekansizu korong‘ida men sizni bilmay odammikin debman!
Bir kuni afandini urushga olib ketishibdi.
Borgan kunining ertasidan boshlab uch kun urush bo‘libdi va urush tugabdi.
Oradan yillar o‘tib afandini nevarasi so‘rabdi:
— Buvajon, urush qanday bo‘lgan?
— E, birinchi kuni biz nemislarni rosa quvladik. Ikkinchi kuni nemislar bizni quvladi. Uchinchi kuni esa o‘rmon qorovuli kelib hammani quvdi... - javob beribdi afandi.
Afandi baliq tutib oʻtirgan yosh bolalarga debdi:
— Hozir baliq tutmanglar! Hozir baliqlar bolalaydigan payt!
Bolalar:
— Amaki, buni oʻzimiz ham bilamiz! Biz erkak baliqlarni tutyapmiz, - debdi.
Afandi o‘g‘li bilan ketayotsa, yonidan bir kal kishi o‘tib qolibdi. O‘g‘li afandiga qarab:
— Dada qarang, anavi amaki kal ekan, - desa, afandi:
— Sekinroq gapir, eshitib qoladi, - debdi.
Shunda o‘g‘li:
— Nima dada, u amaki kalligini o‘zi bilmaydimi?, - dermish.
Afandi tirikchilikdan qiynalib, bir o‘rtog‘iga hasrat qildi.
— O‘zingning e’tiqoding past,— dedi o‘rtog‘i,— har kimdan tama’ qilib yurmay, to‘g‘ri xudoning o‘zidan so‘ra.
Afandi «qani, xudoning o‘zidan so‘rab ko‘ray-chi» deb. Qassobdan qo‘yning pufagini olib keldi. Uni obdan iylab, puflab rosa shishirdi-da, oftobda qurutdi. Keyin o‘tirib, bir parcha qog‘ozga ariza yoza boshladi: «E xudo, menga yuz tanga kerak bo‘lib qoldi. Dargohingdan noumid qaytarma, shuni ato qil»,— deb turar joyini ma’lum qildi. Arizani taxlab pufakka bog‘ladi-da, uchirib yubordi.
Osmonda uchib ketayotgan pufakni shahar qo‘rg‘onida turgan merganlar ko‘rib qolib, darhol urib tushirishdi. Bundoq qarashsa, qog‘ozga ariza yozilgan. Ulardan biri arizani podshoga olib borib ko‘rsatdi. Podsho o‘qib ko‘rib, bu Afandining ishi ekanligini payqadi. «Qani, nima derkin,»— deb, jo‘rttaga yuz tanga o‘rniga ellik tangani bir vaziriga berib yubordi.
— Afandim, siz xudodan yuz tanga so‘raganmidingiz?— dyedi vazir.
— Ha, so‘ragan edim.
— Kechirasiz, so‘raganingizdan bir oz kamroq berib yubordi, vazir unga haligi pulni berdi.
Afandi pulni sanab olib, «Ha mayli, ellik tangani bergan xudo qolganini ham berar»— deb, vazirni jo‘natdi.
Mazaxo‘rak bo‘lgan Afandi ertasiga yana ariza yozib uchirdi. Shahar muhofizachilari uni ham urib tushirib, arizani podshoga yubordilar. Podsho arizani o‘qidi: «E xudo, mening turar joyim o‘zinga ma’lum. Shunday bo‘lganidan keyin, nega o‘z qo‘ling bilan yuboraqolmay, vazirdan berib yubording? Vazirlarning fe’li o‘zinga ayon ediku. Mana, yarmisini urib qolib, yarmisini olib kelibdi. Endi bevosita o‘zimga to‘g‘ri yuboraver...»
Afandining bir savdogar oshnasi uning tilla uzugiga suqlanib yurar edi.
— Afandi,— dedi u bir kuni — men sizni tez-tez ko‘rib turmasam sog‘inib qolaman. Uzoq safarga ketyapman, qo‘lingizdagi uzugingizni bersangiz, taqib olsam, qachon uzukni ko‘rsam, sizni ko‘rgandek bo‘lib yuraman.
Afandi uzukni berishga ko‘zi qiymay, javob berdi:
— Jon birodar, men ham sizni tez-tez ko‘rmasam turolmayman, qo‘ying, uzuk menda tursin, qachon uzukka ko‘zim tushsa: «Do‘stim tilaganda bermagan edim» deb sizni eslab yuraman.