Uddaburonlar haqida latifalar

Afandi bir poshshoga baliq sovg‘a qildi. Poshsho bu sovg‘a uchun Afandiga xazinadan bir tilla in’om qildi. Afandi chiqib ketishi bilan vazir poshshoga dedi:
— Har kim baliq ko‘tarib kelsa bir tilladan beraversangiz xazina bo‘shab qoladi-ku?
— Darvoke, aytganingiz to‘g‘ri. Nima qilish kerak?
— Darhol Afandini qaytarib kelishni buyuring,— dedi vazir.
Poshsho Afandining ketidan odam yubordi-da, vazirga dedi:
— Tillani qaytarib ber desak kanday bo‘lar ekan?
— Buning iloji oson,— dedi vazir,— Afandidan balig‘ing erkakmi, urg‘ochimi deb so‘raysiz, urg‘ochi desa, «Menga erkak baliq kerak» deysiz, erkak desa, «Menga urg‘ochi baliq kerak» deysizu tillani qaytarib olasiz.
Afandi keldi. Poshsho undan so‘radi:
— Balig‘ing erkakmi urg‘ochimi?
Afandi poshshoning niyatini payqab:
— Balig‘im xunasa edi,— deb javob berdi.
Poshsho uning ziyrakligiga qoyil qolib, yana bir tilla in’om qildi.
Bir yigit poyezdga chiqib kupega kirsa, bir ketvorgan qiz o‘tirgan emish. Ikkalasi tanishib, chiqishib qolishibdi.
Bir oz o‘tgach qiz:
— Keling "YoPIRAY" - degan o‘yin o‘ynaymiz, - desa.
Yigit:
— Men bilmaymanku? Qanaqa o‘yin? - desa
Qiz
— Men o‘rgataman. Ko‘zingizni yumib ichingizda 50gacha sanab, ko‘zingizni ochasiz, - debdi.
Yigit ko‘zini yumib 50gacha sanab ko‘zini ochsa, qiz faqat ich kiyimda turganmish.
Yigit qizga qarab:
— "YoPIRAY", - deb yuborsa,
Qiz:
— Endi men ko‘zimni yumib, 50gacha sanayman, - deb ko‘zini yumib, 50gacha sanab ko‘zini ochsa, yigitni ich kiyimi ham yo‘q turgan emish.
Qiz yigitga qarab:
— "YoPIRAY", - debdi.
Endi navbat yigitga kelib, ko‘zini yumib, 50gacha sanab ko‘zini ochsa, qiz ham yo‘q, yechgan ustilariyu hamma narsasi yo‘qmish.
Yigit nima qilishini bilmay provodnikdan oq choyshab olib, o‘ranib, vokzalga tushsa, 4ta arab ketayotgan ekan. Sekin borib ularni orqasidan ketayotsa, haligi 4 ta arab yigitga qarab kulishib:
— Siz ham "YoPIRAY" o‘ynabsiz-a? - dermish.
Ayol boshchilik qiladigan firmada bir yigit ishlar ekan, u hamma bilan garov o‘ynab doim yutib olarkan, buni eshitgan boshliq yigitni chaqirib:
— Siz garovda hammani yutar ekansiz, buni siri bormi? - deb so‘rabdi.
Yigit:
— Hech qanaqa sir yo‘q, xohlasangiz siz bilan ham o‘ynab yutishim mumkin, - debdi.
Ayol:
— Mayli, nima haqida o‘ynaymiz?
Yigit:
— Ishonasizmi, rosa 3 kunda sizni yelkangizda xol paydo bo‘ladi, - debdi.
Xullas ular 100$ dan bahslashibdi. Oradan 3kun o‘tib ayol yigitni chaqirib:
— Yigitcha, siz yutqazdiz, hech qanaqa xol chiqmadi, - desa.
Yigit:
— Yo‘g‘-ye, ko‘rsatingchi?
Ayol ko‘rsatibdi, yigit pulni berib chiqib ketayotsa
Ayol:
— Ha yigit, nima bo‘ldi? 100ga tushdiz-ku, - desa.
Yigit:
— Zarari yo‘q, xonim, ana u derazadan poylab turgan uchchovi bilan boshlig‘imizni yechintiraman deb, 300dan garov o‘ynaganman, - dermish.
Bir kishi metroda ketayotganida bir yigit kelib:
— 200 so‘m sadaqa qiling, - debdi.
Kishi esa:
— Pulim yo‘q edi, - desa.
Boyagi yigit:
— Ishlash kerakda og‘ayni, - dermish.
Afandi xonga g‘oz pishirib borar edi, yo‘lda korni ochib, bir oyog‘ini yeb qo‘ydi. Xon uni olib so‘radi:
— Bir oyog‘i qani?
— Bu yilgi g‘ozlarning hammasi bir oyoqli ekan,— dedi-da, Afandi suv bo‘yida bir oyog‘ini ko‘tarib dam olib turgan g‘ozlarni ko‘rsatdi. Xon tayoqni ko‘tarib po‘pisa qilgan edi, g‘ozlar ikki oyoqlab qochdi.
— Ana, oyoqlari ikkita ekan-ku,— dedi xon. Afandi pinagini buzmay javob berdi:
— Shu tayoq bilan birov sizga ham hamla qilsa, ikki oyoq u yoqda tursin, to‘rt oyoqlab qochar edingiz.
Bir o‘zbek bilan tatar kafega kirishibdi. Tatar 3ta bulochkani hech kimga bildirmay cho‘ntagiga solib, o‘zbekka maqtanayatganmish:
— Qara, shipirish degani shunaqa bo‘ladi. O‘rgan, student! — desa
O‘zbek aytarmish:
— Shipirishni hozir senga o‘rgataman, — debdi.
O‘zbek sotuvchini oldiga borib:
— Xohlaysizmi, sizga fokus ko‘rsataman?
— Qani, ko‘riluchi?
— 3 ta bulochka bering!
— Mana!
O‘zbek 3 ta bulochkani sotuvchini oldida paqqos tushirib, og‘zini artayotsa, sotuvchi g‘azablanib:
— Bulochkani yo‘q qildingku, nomard! Shumi fokusing? — desa
— Bulochkangiz joyida, ana anu tatarni cho‘ntagini qarang, — dermish
Bir injener ishsizlikdan nima qilishini bilmay, tavakkal bir kasalxona ochibdi. Kasalxona eshigi oldiga "Biz sizlarni benuqson davolaymiz. Agar davolay olmasak 50000 pulingizni 100000 qilib qaytaramiz", - deb yozib qo‘yibdi.
Yo‘ldan o‘tib ketayotgan bir vrach, - bularni bir boplab, 100000 pulini olib chiqib ketaman, - deb binoga kiribdi. Injener uni kutib olib, shikoyatini so‘rabdi.
— Men ta’mni bilmayapman. Nima yesam hammasi bir xil.
— Hamshira, shishadagi suyuqlikni ichiring.
— Iye, bu benzinku!
— Tabriklayman, ta’m bilishingiz tiklandi. Sizdan 50000.
Vrach jahl bilan pulni to‘lab chiqib ketibdi. Ikki kundan keyin yana kelibdi:
— Endi men hid sezmayapman.
— Hamshira shishadagi suyuq dorini bu kishiga ichiring.
— Bu yana benzinku...
— Ana, hid bilish qobiliyatingiz ham tiklandi. 50 000 to‘lab ketasiz. Vrach pulni to‘lab, yana jahl bilan chiqib ketibdi. Oradan 3 kun o‘tib, bu safar aniq boplayman degan maqsadda kelib debdi:
— Endi men hech narsani ko‘rmayapman.
— Kechirasiz, biz buni davolay olmaymiz. Mana sizga 100000 pul.
— Iye, bu yerda 50000 ku!
— Tabriklayman, ko‘rish qobiliyatingiz tiklandi. Sizdan 50000.
Ikkita yigit kinoteatrda kino boshlanishini kutib o‘tirishsa, oldi qatorda bir kal odam o‘tirgan ekan. Bittasi sherigiga:
— Kel, garov o‘ynaymiz! Anavi kalni boshiga urib kelsang ellik ming beraman, - debdi.
Sherigi o‘ylanib turib, rozi bo‘libdi. Sekin kalni oldiga borib boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Qayerlarda yuribsan?, - desa, kalni jahli chiqib:
— Men Ahmad emasman! Adashtirib yubordingiz, - debdi.
— Kyechirasiz, huddi Ahmadga o‘xshar ekansiz, - deb joyiga borib o‘tiribdi. Birozdan so‘ng haligi sherigi:
— Yana borib boshiga ursang, yuz ming beraman, - debdi. Sherigi yana borib kalni boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Sochimni oldirsam, tanimaydi deb o‘ylayapsanmi?, - debdi. Kalni yana jahli chiqib:
— Akajon, men Ahmad emasman, - deb boshqa joyga borib o‘tiribdi. Yana biroz vaqt o‘tgach haligi yigit:
— Yana borib boshiga ursang ikki yuz ming beraman, - debdi. Sherigi kalni oldiga borib boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Bu yerdamiding? Boyadan beri narigi yoqda bir bolani senga o‘xshatib yuboribman, - dermish.
Komandir safdagi askarlarga:
— Orangizda kim dushman tarafga yashirincha borib, hujum rejasini bilib kela oladi?, - debdi.
Safdan bir gruzin askar chiqib:
— Men boraman, - debdi.
— Yaxshi, - debdi komandir, — Biz senga uchta granata va boshingga bitta kaska beramiz.
— Menga aksincha, bitta granata va uchta kaska beraqoling, - deb askar dushman tomonga ketibdi.
Oradan bir soat o‘tibdi, ikki soat o‘tibdi ... Gruzin askardan xabar yo‘q emish. Komandir bitta askarni ortidan jo‘natib, — Qarab kel-chi, nima gap ekan, - deb yuboribdi.
Xabar olishga ketgan askar qaytib kelib komandirga:
— Anavi gruzin safdoshimiz dushmanlarni o‘rtasiga o‘tirib olib, "Top-chi granata qaysi kaskani tagida! Topa olmading. O‘rtadagi kaskani tagida ham emas. Yana o‘n ming pul va hujum rejasini ber buyoqqa" deb o‘ynab o‘tiribdi, - dermish.

Bir otaxon chegaradan doim mototsiklda bir qop olib o‘tarkan. Chegarachilar boshlig‘i doim shubhalanib uni tekshirar ekan. Aksiga olib qopda oddiy qumdan boshqa hech nima yo‘q bo‘larkan. Hatto qumni elakdan ham o‘tkazib ko‘rishibdi. Lekin hech nima chiqmapti. Oradan vaqt o‘tib bojxona boshlig‘i nafaqaga chiqibdi. Haligi otaxonni topib borib:
— Bo‘ldi, men nafaqaga chiqdim. Sizni fosh qila olmadim. O‘zingiz ayting endi qopda nima olib o‘tgansiz? - desa, otaxon javob beribdi:
— Qopda oddiy qum bor edi xolos. Men mototsikl o‘g‘rilab o‘tardim.