DAN-xodimlari haqida latifalar

YPH xodimi mashinani to‘xtatib debdi:
— Siz soatiga 120 km tezlikda kelyapsiz. Aslida 60 km/s da yurish kerak.
Haydovchi:
— Axir biz ikki kishimiz-ku, - degan ekan.
Katta yo‘ldan taksi mashinasi ketayotsa, YPH nazoratchisi qo‘lini ko‘tarib, ishora qilib mashinani to‘xtatibdi. Taksi haydovchisi to‘xtab, oynadan qarab:
— Qayerga ekan? – desa, nazoratchi:
— Hech qayerga! – debdi.
Shunda taksichi:
— Unda nega ovora qilib taksini to‘xtatyapsiz!? – deb yurib ketvargan ekan.
— Do‘stim bilasanmi? Koreyslar bilan avtoinspektor xodimlarining o‘xshash tarafi nimada?
— Bilmadim. Nima ekan?
— Ikkalasi ham tayoqchada ovqatlanishadi.
It yetaklab kelayotgan kishidan bir o‘tkinchi so‘radi:
— Itingizni zoti qanaqa?
— Politsiyachi it, - javob berdi egasi.
— Lekin ko‘rinishidan umuman o‘xshamaydi-ku!? – debdi yana qiziquvchan odam.
— Buni hech kim payqamasligi kerak. Chunki itim maxfiy politsiyachi, - javob beribdi it egasi.
Gazetaning «Advokat maslahati» rukniga kelgan maktubdan:
“Agar mening Matiz mashinamni YPH xodimlari jarima maydonchasiga olib ketishgan bo‘lsa, boquvchisini yo‘qotgan kishi sifatida nafaqa olishga haqqim bormi?”.
— Ko‘chada ketayotganingda qizil, kichkina odamcha turganini ko‘rsang nima qilgan bo‘larding?
— Qizil odamcha??? Militsiyaga telefon qilgan bo‘lardim.
— Tentak, qanaqa militsiya!? To‘xtab, mashinalarga yo‘l berishing kerak.
Yoʻl patrul xizmati xodimi taksi mashinasini toʻxtatib, haydovchiga:
— Siz litsenziyasiz yoʻlovchilarni tashiganingiz uchun jarima yozaman, - desa, haydovchi:
— Oʻrtoq komandir, bugun hali bitta ham mijoz olganim yoʻq! Bir tiyin pulim ham yoʻq!
— Shunaqa deng?! Mayli unda boring! Tezroq odam olib, pul topib keling!
— Yo tavba, qaytar dunyo deyishgani rost ekan! , - dermish stomatolog hamkasbiga.
— Nima bo‘ldi?
— O‘tgan hafta menga jarima solgan DAN xodimi bugun o‘z oyoqi bilan yonimga keldi. Og‘riqsizlantiruvchi dorini tejamoqchiman ...
Gai xodimi:
— Yaxshi qiz haydovchilik guvohnomangiz bormi?
— Iltimos, olib qo‘ymang, undagi suratga juda chiroyli tushganmanda...
Bir kuni Mersedes avtomobili buzilib qolgan Zaporoj mashinasini tortib ketmoqchi bo‘libdi. Zaporoj haydovchisi qari chol:
— Yigitlar, faqat Mersedesni tez haydamanglar. Agar tezlashib ketsangiz, faralarni yoqib-o‘chirib ishora qilaman, - debdi.
Yo‘lda Mersedes baribir tezlashib ketibdi. Orqasida kelayotgan Zaporoj ishora qilsa ham e’tibor berishmabdi.
Birinchi postda to‘xtamasdan "uchib" o‘tib ketishibdi. Postdagilar darhol keyingi postga qo‘ng‘iroq qilib:
— Hozirgina Mersedes mashinasi katta tezlikda o‘tib ketdi. Orqasidan kelayotgan Zaporoj haydovchisi faralarni yoqib-o‘chirib, "o‘tib ketay" degan ishorani bersa ham, tushunishmayapti, - dermish.