Doʻstlar haqida latifalar

Sinfdoshlari bilan uchrashuvdan qaytgan eridan xotini so‘ray boshlabdi:
— Azamatni ko‘rdingizmi?
— Ha, u ahmoq katta yurist bo‘lib ishlayotgan ekan.
— Botir-chi? U qalay?
— U tentak bosh vrach lavozimiga ko‘tarilibdi.
— Sardor qanday ekan?
— Eh, u befahm tadbirkorlikni boshlabdi!
Xotin:
— Qachon siz ham ahmoq, tentak, befahm bo‘larkinsiz-a...?
Vaqt allamahal bo‘lganda darvozadan kirib kelgan o‘g‘liga onasi debdi:
— Qayerlarda yuribsan? Soat nechi bo‘ldi?! Bor, yuraver ko‘chada!
Bu gapni eshitgan o‘g‘li shu zahoti cho‘ntagidan telefonini, kimgadir qo‘ng‘iroq qilib:
— Allo, Alish sho‘ttamisila? Ruxsat oldim. Hozir chiqaman, - dermish.
Bir yigit Fransiyaga sayohat chiptasini yutib olibdi. Lekin fransuzchani bilmas ekan. Nima qilishini bilmay, do‘stidan maslahat so‘rabdi:
— O‘rtoq, boshim qotdi. Fransiyaga ketyapman-u, fransuz tilini bilmayman!
Do‘sti maslahat beribdi:
— Shu ham muammomi?! Har bir so‘zingni oldiga "F" harfini qo‘shib gapiraverasan…
Yigit Fransiyaga boribdi. Hamma yoqda frunsuzlar…
Shahar aylanib yurib, adashib qolibdi. Shunda yo‘lni so‘rash uchun bir fransiyalik odamni to‘xtatib so‘rabdi:
— Falom, faka! Fuzr, fanavi fo‘cha fayerga folib foradi? – desa, haligi fransuz odam qarab turib:
— Fe fog‘ayni, fo‘zim fam filmay furibman, - degan ekan.
— Do‘stim, nima zamonlarga qoldik?!
— Tinchlikmi, nima bo‘ldi?
— Plastik kartochkamdagi oylik maoshimni naqd pul qilish uchun bankomatga borgandim.
— Xo‘sh?
— O‘zi 1 million maosh olaman. Bankomat esa yana ming so‘m so‘rayapti.
Choyxonada erkaklar suhbatlashib o‘tirgan ekan, ulardan biri debdi:
— Mana sizlar, maoshingizdan qanchasini xotinga berasizlar?
Birinchi erkak debdi:
— Men atrofimga 2 metrlik aylana chizamanda, pullarimni tyepaga otaman. Aylanani ichiga tushgani meniki, tashqariga tushgan pullar xotinimga bo‘ladi.
Ikkinchi erkak debdi:
— Men atrofimga 3 metrlik aylana chizaman. Pullarimni tepaga otaman. Aylanani ichiga sochilib tushganini xotinim terib oladi, tashqariga tushgan pullarni esa men olaman.
Uchinchi erkak kulib:
— Men hech narsa chizib o‘tirmayman! Pullarni shundoq havoga otaman. Xotinim havoda nechtasini ushlab ulgursa o‘shani oladi. Yerga tushgani hammasi o‘zimniki! - degan ekan.
Yigit do‘stini yoniga kelib debdi:
— Iltimos, belimga shaxmat taxtasini rasmini chizsang.
— Chizdim. Ho‘sh, endi-chi?
— Raqamlarni va harflarni ham yozib chiqdingmi?
— Ha, yozdim.
— Iltimos, D6 katagini qashib yuborsang... Ertalabdan beri hech kim topolmayotgani.
Bir yigit ziqna do‘stidan qarz so‘rabdi:
— Eng yaqin do‘stingga ozroq pul berib tura olarmiding?
— Albatta! Ammo meni umuman yaqin do‘stim yo‘q!
Ikki dugona kitoblar haqida suhbatlashib o‘tirishibdi:
— Sen qanday mavzudagi kitoblarni o‘qishni yoqtirasan?
— Har xil mavzudagilarini. Ammo, qahramonlari ko‘p bo‘lgan kitoblarni o‘qishni yoqtirmayman!
— Nega?
— Qahramonlar ko‘p bo‘lsa, chalg‘ib ketaman.
— Unday bo‘lsa dugonajon, sen faqat “Robinzon Kruzo”ni o‘qishing kerak ekan!
Ikki og‘ayni tikoda bir do‘kon yoniga kelib to‘xtashibdi. Mashinani egasi tikoni eshigini qulflayotsa, o‘rtog‘i unga qarab:
— Bu eski aravang kimga-yam kerak?! - desa, do‘sti:
— O‘tgan safar mashinamni ichiga axlat tashlab ketishibdi. Shunga qulflab qo‘ymoqchiman-da..., - dermish.
— Do‘stim, pullarimni qayerda saqlaganim ma’qul?
— Xotirangda saqlaganing durust!