Ishxona haqida latifalar

Boshliq yangi hisobchini ishga olmoqchi bo‘lib, nomzodlarni suhbatga chaqiribdi:
— Ikki karra ikki nechi bo‘ladi?, - deb savol beribdi. Hammadan "to‘rt" degan javob chiqibdi. Faqatgina bitta nomzod javob bermabdi. Yolg‘iz qolishgach, boyagi indamay o‘tirgan nomzod boshliqqa yaqin kelib:
— Nechi bo‘lsin xo‘jayin? Qancha qilib beray?, - degan ekan, boshliq o‘sha nomzodni ishga olibdi.
Bugun rahbarimiz 5 yoshli qizalog‘ini ishxonaga olib keldi. Qizaloq hamma yoqni kuzatib o‘tirib, yonimga keldi-da dedi:
— Adam sizlarni qul qilib sotib olganmi?
— Ha, - dedim men ham kulib.
Shunda qizaloq mehribon ohangda:
— Xavotir olmang, katta bo‘lsam hammangizni o‘zim ozod qilaman, - deydi.
Sex boshlig‘i ishchilaridan so‘rabdi:
— Direktor kelmadimi?
— Yo‘q, - debdi ishchilar.
— Ha mayli. Men xonamda biroz uxlab olaman.
Birozdan keyin yana chiqib so‘rabdi:
— Direktor kelmadimi?
— Yo‘q, hali kelgani yo‘q! – deb javob beribdi ishchilar.
Sex boshlig‘i debdi:
— Ha yaxshi. Men xonamga kirib uxlab turaman. Xabar olib turinglar...
Birozdan keyin direktor kelib qolibdi. Hamma ishchilar direktorga qarab:
— Qayerlarda yuribsiz?! Sizni deb 2 soatdan beri sex boshlig‘imiz uyg‘ona olmayaptilar, - dermish.
Bir kuni komandir postda turgan askar yoniga boribdi:
— Faraz qil, sen turgan postga dushman kelyapti. Seni harakating? – desa, askar:
— Faraz qiling, men akopdaman, - dermish.
Ishbilarmon kishi chet ellik hamkorlari bilan majlis boshlay turib, kotibasiga:
— Menga qahva, manavi uchta echkilarga esa choy olib keling! - desa, mehmonlardan biri:
— Men tarjimonman! Gapingizni tushunib turibman, - debdi.
Boshliq kotibasiga tayinlabdi:
— Bu hujjat juda-yam muhim! Uni xavfsiz, tez topiladigan joyga qo‘ying!
Kotiba:
— Stolimdagi atir-upalarimni yoniga qo‘yishim kerak ekan-da!
Ishxonaga yuzlari tirnalgan erkak kirib kelibdi. Bu ahvolni ko‘rgan do‘sti undan:
— Nima bo‘ldi? - deb so‘rasa,
— Xotinim! - debdi.
— Xotining onasiniki ketgan deb o‘ylagandim?!
— Men ham shunaqa deb o‘ylagandim...
Bir yigit ofisda ishlab o‘tirsa, yonidagi hamkasbi nuqul boshini stolga qo‘yib olib uxlarmish. Soatga qarasa, tushlik vaqti bo‘libdi.
Haligi yigit hamkasbini yoniga sekin borib, turtib debdi:
— Tur endi, tushlik vaqti bo‘ldi. Yur, ovqatlanib kelamiz.
Uxlab yotgan hamkasbi boshini ham ko‘tarmay:
— Sen boraver... Men bugun tushliksiz ishlamoqchiman, - dermish.
Bitta odam ishga naqd 1 soat kechikib kelibdi. Ishxonaga kiraverishda uni uchratgan rahbar tanbeh beribdi:
— Nega kech qoldingiz?
— Kechirasiz, 3-qavatdan yiqilib tushdim, - debdi haligi odam.
Rahbarni battar jahli chiqib:
— Nima, bir soat tushdingizmi pastga?! – dermish.
— Allo, men e’lon bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilyapman. Ishga olishingiz uchun nima talab etiladi?
— Oliy ma’lumotdan tashqari, o‘rta maktab o‘quvchisining bilimi va maktabgacha bo‘lgan bolaning tarbiyasiga ega bo‘lishingiz kerak.