Jinoyatchilar haqida latifalar

Tushlikdan so‘ng er xotiniga dedi:
— Xotin, qara, mehmonlar yana likoplaringni o‘g‘irlab ketishibdi…
— Qaysilarini?
— Haligi «Yettinchi osmon» restorani, deb yozilganlari bor edi-ku…
Mashhur o‘g‘riga jurnalist savol berdi:
— Eng buyuk orzuyingiz nima?
— Shveysariya bankini tunab, bankda qaynonamni barmoq izlarini qoldirish, - dermish
Kechasi Afandining uyiga qopda buyum ko‘targan ikki o‘g‘ri kirdi. Buni payqagan xotin Afandini asta turtib:
— Afandi, turing, uyga o‘g‘ri kirdi,— dedi. Afandi asta shivirladi:
— Jim yot, men uyg‘oqman, ovozimizni eshitib, o‘g‘rilar qopini ko‘tarib qochib qolmasin. Men qopdagi buyumni mo‘ljallab turibman.
Erta tongda bozorga jo‘nagan eridan xotini so‘rabdi:
— Ha, qayoqqa yo‘l oldingiz?
— Bozordan ot sotib olaman, - debdi eri.
— Xudo xohlasa deng adasi! – debdi xotini.
Eri bo‘lsa:
— Pulim bor. Bozorga ketyapman. Xudo xohlasa ham, xohlamasa ham aniq ot olaman, - deb bozorga ketibdi.
Bozorda yurib-yurib bir otni tanlabdi-da, cho‘ntagiga qo‘lini solsa, pullar yo‘q emish.
Uyga bo‘sh qaytgan eridan xotini:
— Ot qani adasi? – deb so‘rasa, eri:
— Xudo xohlasa kisavurlar o‘g‘irlab ketishdi, - dermish.
Bir odam ishdan uyga qaytsa, uyida o‘g‘ri yurganmish. Bundoq qarasa o‘g‘ri juda bo‘ychan, yelkalari katta, baquvvat emish. Yerda yotgan tayoqni qo‘liga olib:
— Yaxshi-yam shunaqa katta ekansan. Bo‘lmasa qorong‘ida seni ko‘rmas edim. Ko‘zoynagim ishxonamda qolib ketibdi, - dermish.
Er-xotin aylanib yurishsa, o‘g‘rilar chiqib qolishibdi.
— Eng qimmat narsangni ber! – debdi do‘q urib o‘g‘rilardan biri.
— Dadasi, meni berib yuboraqoling... – debdi shoshib qolgan xotini.
— Jinnimisan!? Eng qimmat narsani deyapti, arzonini emas! – dermish eri.
Qamoqxona boshlig‘i:
— Xo‘sh mahbuslar! Bugundan boshlab qamoqxonada uch martta ovqatlanish tartibi joriy qilindi.
Mahbuslar:
— Qoyil!!! Zo‘r-ku!
Qamoqxona boshlig‘i:
— ya’ni dushanba, chorshanba, juma!
— Xamedov, darsingni tayyorladingmi?
— Yo‘q ustoz.
— Nimaga tayyorlamading?
— Kecha akam 15 yil deganda qamoqdan chiqdilar.
— Meni qo‘rqitma! O‘tir, 5!
Xorijlik jinoyatchiga sud jarayonida tarjimondan foydalanayotgan ekan:
Prokuror:
— Ayt! Pullarni qayerga berkitding?
Tarjimon tarjima qilyapti:
— Pullarni qayerga berkitganingni so‘rashyapti.
Jinoyatchi:
— Aytmayman!
Tarjimon:
— Aytmas ekan.
Prokuror:
— Agar aytmasang, seni o‘limga hukm qilamiz.
Tarjimon tarjima qilyapti:
— Aytsangchi! Bo‘lmasa o‘lasan!
Jinoyatchi:
— Pullarni falon joyga berkitganman.
Tarjimon yana tarjima qilyapti:
— O‘ldiraveringlar! Aytmayman deyapti.
Pul to‘la hamyonim va IPhone 10 telefonimni yo‘qotib qo‘ydim.
Topib bergan odamga 1 mln. suyunchi beraman.
Falon raqamga qo‘ng‘iroq qiling ... - degan e’lon tagiga kimdir ruchka bilan yozib ketibdi:
"Men 2 mln. beraman! Falon raqamga gudok tashasangiz bo‘ldi, o‘zim qaytib qilaman...!"