Doʻstlar haqida latifalar

Bir erkak do‘stiga debdi:
— Kecha tungi klubda xotinimni bir mast odam bilan raqs tushayotganini ko‘rdim.
— Yoniga borib tarsaki tortib yubormadingmi?!
— Qanaqasiga yoniga boraman? Axir men zarur ish bilan xizmat safariga ketganman-ku!?
Ikki do‘st arazlashib qolib, qozini oldiga borishibdi.
Qozi “Ertaga kelinglar. Muammoni ertaga yechamiz” deb qaytarib yuboribdi. Qozixonadan chiqqan yigitlardan birining fikri buzilib, qozini oldiga qaytib borib 40 tilla tanga pora beribdi. Qozi ishni uning foydasiga hal qilib berishga va’da beribdi. Yo‘lda ketayotgan ikkinchi do‘st ham qoziga borib 100 tilla berib, u ham ishni o‘z foydasiga hal qilib berishni so‘rabdi. Qozi uni ham pulini olib qolibdi.
Ertasiga aytilgan vaqtga do‘stlar qozining huzuriga borishibdi va o‘z muammolarini hal qilib berishni so‘rashibdi. Qozi ularni eshitibdi-yu, bir so‘z demay jim o‘tiraveribdi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin birinchi do‘stni sabri chidamay qoziga bergan 40 tilla tangani eslatib qo‘yish maqsadida debdi:
— Qozi buva, gapni dangal, qirqib-qirqib gapirmaysizmi desa, qozi:
— Ha, qirqib-qirqib gapiray desam, do‘stingni yuzidan o‘tolmay turibman-da, - dermish.
Ikkita yigit kinoteatrda kino boshlanishini kutib o‘tirishsa, oldi qatorda bir kal odam o‘tirgan ekan. Bittasi sherigiga:
— Kel, garov o‘ynaymiz! Anavi kalni boshiga urib kelsang ellik ming beraman, - debdi.
Sherigi o‘ylanib turib, rozi bo‘libdi. Sekin kalni oldiga borib boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Qayerlarda yuribsan?, - desa, kalni jahli chiqib:
— Men Ahmad emasman! Adashtirib yubordingiz, - debdi.
— Kyechirasiz, huddi Ahmadga o‘xshar ekansiz, - deb joyiga borib o‘tiribdi. Birozdan so‘ng haligi sherigi:
— Yana borib boshiga ursang, yuz ming beraman, - debdi. Sherigi yana borib kalni boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Sochimni oldirsam, tanimaydi deb o‘ylayapsanmi?, - debdi. Kalni yana jahli chiqib:
— Akajon, men Ahmad emasman, - deb boshqa joyga borib o‘tiribdi. Yana biroz vaqt o‘tgach haligi yigit:
— Yana borib boshiga ursang ikki yuz ming beraman, - debdi. Sherigi kalni oldiga borib boshiga bir urib:
— Salom Ahmad! Bu yerdamiding? Boyadan beri narigi yoqda bir bolani senga o‘xshatib yuboribman, - dermish.
Uchta inoq do‘stlar dam olishga Turkiyaga borishibdi. Mehmonxonani 45-etajiga joylashib olishibdi. Tushlikni birinchi qavatda yeb bo‘lgach, xonalariga chiqmoqchi bo‘lib qarashsa, lift ishlamayotgan ekan. Zinada chiqishdan boshqa ilojlari qolmagach, chalg‘ish uchun har biri navbatma-navbat latifa aytib chiqishga kelishibdi.
Birinchisi o‘n beshinchi qavatgacha latifa aytib, o‘rtoqlarini kuldirib chiqibdi. Keyin ikkinchisi o‘ttizinchi qavatgacha kuldiribdi. Navbat uchinchisiga kelgan ekan, u do‘stlariga qarab:
— Hozir bir narsa aytaman, kulaverib, ichagingiz uziladi, - debdi. Do‘stlari qiziqib, — Nima ekan? Ayt-chi, - deyishsa:
— Xonamizni kaliti birinchi qavatda qolib ketibdi, - debdi.
Bir shilqim oshnasi bilan ketayotib, otda sayr qilib yurgan bir go‘zalni uchratib qoldi va do‘stiga dedi:
— Oh, shu go‘zalning oti bo‘lib qolsam ham mayli edi!
— So‘rab ko‘rchi, balki eshakda sayr qilishga ham rozi bo‘lar, taklif qildi sherigi.
Bir kvartirada ikkita o‘rtoq yashar ekan. Bir kuni do‘sti hammomga kirib, birozdan so‘ng sherigini chaqirayotmish.
— O‘rtoq, shampun uzatvargin!
— Hammomda shampun ko‘p edi-ku?!
— Hammasi "quruq sochlar uchun" ekan-da. Men esa sochimni ho‘llab bo‘ldim, - dermish.
— Do‘stim, janjalni qayerida bo‘lgan yaxshiroq?
— Xohlasang yonida bo‘l, xohlasang orqasida bo‘l! Lekin hech qachon o‘rtasida bo‘lma!
Afandining xunukroq bir xotini bor ekan. U do‘stlarini yonida xotinini "go‘zalim”, "quyoshim” derkan. Bir kuni Afandidan do‘sti so‘rab qolibdi.
— Do‘stim, xotining chiroyli bo‘lmasa, nega endi uni "go‘zalim”, "quyoshim" deysan?
— Bilasanmi, quyoshga qarab bo‘lmagani kabi bizning xotinga ham qarab bo‘lmaydi-da!
— Allo, Nodirni mumkinmi?
— Uxlayapti.
— Agar uyg‘onsa, do‘sting qo‘ng‘iroq qildi deb qo‘ysangiz.
— “Agar uyg‘onsa” deganing nimasi???
Mast holda uyga kelgan erini ko‘rib, xotinini jahli chiqibdi:
— Yana ichib keldingizmi? Ichgan joyingizga boring!
Er o‘zida yo‘q xursand, telefonini olib kimgadir qo‘ng‘iroq qilib debdi:
— Og‘ayni shoshmay turinglar! Men ham boraman! Ruxsat oldim!