Jinoyatchilar haqida latifalar

Sud zalida shovqin va tartibsizlik boshlanib ketibdi. Ishtirokchilarning baland ovozda gapirishi, norozi ohanglar sudyani jahlini chiqarib yuboribdi. Sudya stoldagi bolg‘achasini urib:
— Tinchlik saqlansin! Kim shovqin solsa, yoki baqirsa zaldan chiqarib yuboraman! – desa, sud ayblanuvchi o‘rnidan turib baqira boshlabdi.
Sudya:
— Ayblanuvchi, oylik maoshingiz 500 ming so‘m bo‘lsa-yu, siz 2 qavatli uy, dalahovli qurishga pulni qayerdan olyapsiz?
Ayblanuvchi:
— Janob sudya, bu savolingizga javob berishim uchun menga vaqt kerak...
— Juda yaxshi. 7 yil yetadimi?
Bir erkak 12 yil deganda qamoqdan chiqib uyiga kelsa, xotini so‘rayotganmish:
— Qamoqdan soat nechida chiqgan edingiz?
Eri:
— Soat 11 lar edi chamasi... Keyin militsiyaga borib ro‘yxatdan o‘tdim. Keyin ota-onamni ko‘rgani bordim, keyin ... – deb gapirayotsa, xotini:
— Hozir soat 4 bo‘ldi. Shunaqa-yam kech keladimi odam degan? Qayerlarda daydib yuribsiz? Uyga vaqtida kelasizmi-yo‘qmi o‘zi?! – deb janjal ko‘tara boshlabdi.
Shu payt boshi og‘rib ketgan eri sumkasini olib, sekin tashqariga chiqib ketayotsa, xotini:
— Qayoqqa yana?! – debdi.
Eri bo‘lsa:
— Borib birorta do‘konni o‘maraman. Menga o‘sha yoq tinchgina ekan... – dermish.
Chet ellik jinoyatchi tarjimon orqali so‘roq qilinmoqda:
— O‘g‘irlangan oltinlarni qayerga yashirding?
Jinoyatchi:
— Aytmayman.
Tarjimon:
— Aytmas ekan.
— So‘nggi martta so‘rayapmiz, oltinlar qayerda?
Jinoyatchi:
— Qo‘lingizdan kelganini qiling! Aytmayman!
Tarjimon:
— Aytmayman deyapti.
— Agar oltinlarni joyini aytmasang, seni otib tashlaymiz.
Jinoyatchi:
— Bo‘ldi, aytaman! Oltinlarni falon joyga yashirganman.
Tarjimon:
— Otib tashlayveringlar deyapti.
Kriminal xabar.
Manyak hujum qilgan qiz shoshganidan, uning yuziga sumkasidagi gaz ballonchasi o‘rniga "Сhanel no 5" atiridan sepib yubordi. Jahl bilan "Ablah! 150 dollar turadi-ya, bu atir!" deb manyakni sumkachasi bilan urib, do‘pposlab, chalajon qilib qo‘ydi...
Bir sayyoh Bombey ko‘chasida adashib qolibdi. Shunda to‘g‘ridan bir barzangi, qop-qora yigit kelayotsa, haligi odam yonidagi ko‘chaga burilib qochmoqchi bo‘libdi. Shunda haligi barzangi yigit sayyohga:
— U yoqqa borma! Kiyimlaringni yechib olishadi, - desa, sayyoh barzangiga:
—Rahmat aka! Yaxshi aytdingiz. Qayoqqa boray? – debdi.
Barzangi:
— Shu yerda yechinaver, - degan ekan.
Sudda:
— Guvoh, agar siz noto‘g‘ri guvohlik bersangiz, sizni nima kutayotganini bilasizmi?
— Bilaman, menga ikki xonali uy va’da qilishgan.
Boy amaldorning o‘g‘li mashinasida 2 kishini urib yuboribdi. Biri mashinaning old oynasiga urilibdi. Ikkinchisi esa yo‘l chetidagi ariq ichiga tushib ketibdi.
Sud ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qilayotganmish:
“Birinchi piyoda mashinaning old oynasini sindirgani uchun 2 yilga, ikkinchi piyoda voqea joyidan yashiringani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etilsin!”
Sud majlisida sudya janoblari ayblanuvchiga savol beribdi:
— Xo‘sh ayblanuvchi, soxta pullar ishlab chiqarganingizni tan olasizmi?
— Yo‘q, men hech qanday soxta pul ishlab chiqarmaganman!
Sudya:
— Lekin sizni uyingizdan pul yasaydigan apparat topildi-ku!
Ayblanuvchi:
— Janob sudya, siz odamni urib, o‘ldirganingizni tan olasizmi?
Sudya xayron bo‘lib:
— Qanaqasiga? Men hech kimni…
— Ana, stolingizda bolg‘a turibdi-ku!
Bir o‘g‘ri non do‘koniga o‘g‘rilikka tushganda, qo‘lga olinibdi.
Qamoqda rossa xursand bo‘lib o‘tirsa, yonidagilar so‘rabdi:
— Nega buncha xursandsan?
O‘g‘ri javob beribdi:
— Endi menga o‘zlari non berib boqishadi.