Soliq haqida latifalar

Soliq idorasida:
— Nima uchun yillik daromadingizni berkitdingiz?
— Bo‘lmagan gap! Nima qilay, “daromad” katakchasiga barcha raqamlar sig‘mas ekan.
Har bir xonadondan soliqlarni yig‘ib yurgan inspektor navbatdagi eshik qo‘ng‘irog‘ini bosibdi.
Ichkaridan bo‘yniga 1sm diametrlik oltin "tros" taqib chiqqan yetti-sakkiz yoshli bola chiqib:
— Sizga kim kerak, - debdi og‘zidagi sigaretni chuqur tortib.
— Uyda kattalar bormi?
— O‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, - dermish sigaretni yana bir martta tortib.
Soliq inspektori yangi boylardan biridan so‘rabdi:
— Maoshingiz haminqadar bo‘lsa, bunday hashamatli villa qurish uchun pulni qayerdan olgansiz?
Boy:
— Kunlarning birida baliq oviga bordim va tilla baliqcha tutib oldim. Undan ana shunday dabdabali uy qurib berishni tilagan edim.
Soliq inspektori:
— Shuyam gap bo‘ldimi? Meni ishonadi, deb o‘ylayapsizmi?
Boy:
— Ishonmaysizmi? Ketdik, villamni ko‘rsataman!
Yirik bankda ish qizg‘in ketmoqda. Bir payt niqobli odamlar, qurollari bilan bank eshigidan baqirib kirib kelishibdi:
— Yotinglar, qimirlamanglar, hech narsaga qo‘l tekkizmang!!! Bu bosqinchilik!
Shunda bank raisi boshini ko‘tarib mamnun ovozda:
— Xudoga shukur-yey, men soliq qo‘mitasidagilar deb o‘ylabman-a! – dermish.
Jarima – bu to‘g‘ri yo‘l tutmaganing uchun to‘lovingdir.
Soliqlar esa to‘g‘ri yo‘l tutayotganing uchun to‘loving bo‘ladi...
Bir kuni podshoh vazirlarni yig‘ib debdi:
— Saltanatimda soliqlar kun sayin oshib borsa ham, xazinada pullar ko‘paymayapti!? Buning boisi nedir?
Yig‘ilganlar orasida dono bir vazir katta muz bo‘lagini olibdi-da, “Shohimga uzatib yuboringlar!” debdi.
Haligi muz bo‘lagi qo‘lma-qo‘l bo‘lib podshohga yetib kelguncha kichkina tomchiga aylanib qolibdi.
Shunda podshoh vazirning aqliga tahsinlar aytib, barcha qo‘l ostida ishlayotgan amaldorlarni va xazinaga keladigan pullarni qattiq nazoratga olgan ekan.
Sharbat siqib chiqarish bo‘yicha musobaqa uyushtirilibdi.
Ishtirokchilar bir qo‘li bilan apelsindan kim ko‘proq sharbat olishga bellasha boshlabdilar.
Birinchi ishtirokchi 100 gr. sharbat, ikkinchi ishtirokchi 200 gr. sharbat, uchinchisi esa 500 gr. sharbat siqib olibdi.
G‘olib bo‘lgan ishtirokchiga savol berishibdi. “Kasbingiz nima?” deyishsa, u “Soliq idorasi xodimiman” deb javob beribdi.
Bir kishi soliq qo‘mitasiga kelib debdi:
— Menga qachon mehnat ta’tili berasizlar?
Qo‘mitadagilar hayron bo‘lib:
— Axir siz bizni xodimimiz emassiz-ku!? – deyishsa, haligi kishi:
— Ha, lekin men faqat sizlar uchun ishlab yuribman-da! – degan ekan.
— Do‘stim, sigirlar o‘tlaydigan o‘tloqni bilasanmi?
— Ha, yam-yashil, keng dala!
— Qo‘ylar yashaydigan qo‘rani-chi, bilasanmi?
— Ha, atrofi taxta bilan o‘ralgan...
— Italiyani xaritadagi ko‘rinishi qandayligini bilasanmi?
— Yo‘q. Nimaga mendan bularni so‘rayapsan?
— Shunchaki, geografiyadan ko‘ra, sigir, qo‘ylarni yaxshiroq tushunishingni isbotlab bermoqchi edim.
Boyib ketish niyatida tadbirkor bo‘lishni reja qildim. Biznes reja ham ishlab chiqdim. Keyin bilsam, soliq kodeksida men uchun rejalar allaqachon yozib qo‘yilgan ekan.