O‘rmonda ovchilar o‘ra kavlab ketishgan ekan. O‘raga bo‘ri, tulki va cho‘chqa tushib qolibdi. Tulki cho‘chqaga qarab, ichida debdi: “Go‘sht bor. Qorin to‘ydirsam bo‘ladi. Bir necha kun yashayman”. Bo‘ri tulki va cho‘chqaga qarab ichida debdi: “Go‘sht bor, suhbatdosh bor. Mazza qilib yashasam bo‘ladi.” Cho‘chqa ikkalasiga qarab: — Zerikib qolasizlar. Qo‘yshiq kuylab bersam bo‘ladimi? – debdi. Bo‘ri va tulki: — Yaxshi bo‘lardi, - deyishibdi. Cho‘chqa ovozi boricha baqirib qo‘shiq ayta boshlabdi. Bir zumda ovchilar yetib kelishibdi. Bo‘ri va tulkini o‘ldirishga shaylanib turishsa, bo‘ri ichida o‘ziga-o‘zi dermish: “Qorin to‘ydirib, gaplashib yotaversam bo‘lmasmidi. O‘yin-kulgiga balo bormidi...!”