Doʻkon-bozor haqida latifalar

Bir kishi barga kirdi:
— Pivo bering.
— Ikki ming so‘m to‘lang.
— Nega, hamisha ming so‘mdan olardim-ku?
— Bugundan yangi qoida chiqdi, ming so‘mni futbolni rivojlantirish fondiga o‘tkazamiz.
Xaridor pulni uzatdi. Sotuvchi ming so‘mni olib, ming so‘mni qaytarib berdi.
— Pivo yo‘q.
Ikkita qiz bodring sotib olayotib gaplashib qolishibdi.
— Yeyishga ham olamizmi?
Shunda sotuvchi hayron bo‘lib:
— Qizim, bodringni yemasdan yana nima qilasizlar? – desa, qizlar:
— E, amaki qizig‘misiz!? Biz har doim bodringdan yuzimizga niqob tayyorlaymiz, - deyishgan ekan.
Yaxshi ko‘rgan qizim bilan do‘konga kirib narsa xarid qildim-da o‘zimni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lib, sotuvchiga:
— Qaytimi kerak emas! - desam, sotuvchi:
— Pulingiz kam chiqdi, to‘xtang! – deb qolsa bo‘ladimi…!
Insonlar nega bu ishlarni qilishadi? O‘zlari ham tushunmasalar kerak?!
— Muzlatkichni ochib, hech narsa olmay yopib qo‘yishadi;
— Do‘konga shakar olaman deb borib, bir xalta narsa sotib olishadi-yu, shakar olish esdan chiqadi;
— Yaqinlashib kelayotgan lift tugmasini yana-yam qattiqroq bosishadi;
— Do‘konlarda paketlar pullik bo‘lganini bilishsa ham, “Nega 300 so‘m ortiqcha hisobladingiz?” deb so‘rashadi;
— Batareykasi tugayotgan televizor pultini yana-yam qattiqroq bosishadi.
— Hoy bolam, ko‘katlardan olib ketgin. Shu qoldi faqat. Menam sovuqda qolib ketdim...
— Ko‘katlaringiz qanchadan ekan?
— Bir bog‘i 2 mingdan, kelaqol...
— Ha, yo‘q xolajon...! Qalinroq kiyinib oling!
Baliq do‘koniga kirib kattakon laqqa baliqni sotib olgan xaridor sotuvchiga debdi:
— Iltimos, shu baliqni peshtaxtaning narigi yog‘ida turib, menga otsangiz, men uni ilib olaman.
— Nega? – hayron bo‘lib so‘rabdi sotuvchi.
— Shunda men do‘stlarimga “Baliqni o‘zim tutdim!” deb bemalol maqtangan bo‘lardim-da, - dermish xaridor.
Bir kishi do‘kondan ko‘mir sotib olsa, o‘ramni ustida quyidagicha yozib qo‘yilgan ekan:
"Mazkur ko‘mirni yoqish uchun 3434 raqamiga SMS yuboring".
Yangi boylardan biri avtomobil do‘koniga kiribdi.
Sotuvchi:
— Keling, xizmat? Sizga qanday avtomobil kerak?
— Eng zo‘r avtomobil xarid qilmoqchiman.
— Mana Ford Fokus rusumidagi yangi model, -deb maqtab ketibdi sotuvchi.
— Nimasi Fokus ekan buni?!
— O‘tiring marhamat, ko‘rsataman.
Sotuvchi rulga o‘tirib, avtomobilni juda katta tezlikda haydabdi.
— Hoy to‘xtat, axir daraxt turibdi ro‘parada, -deb baqiribdi yangi boy.
— Havotir olmang, ko‘zingizni yuming, hozir fokus ko‘rasiz, -debdi-da, boy ko‘zini yumgach, daraxtni yonidan aylanib o‘tibdi.
— Yangi boy xayratlanib, avtomobilni sotib olibdi.
Uyga kelgach, barchaga fokus ko‘rsatmoqchi bo‘lib, avtomobilga o‘tirishlarini aytibdi.
— Endi hamma ko‘zlarini yumsin, biz hozir mana shu daraxt orasidan o‘tib ketamiz, bu fokus, -debdi.
Yangi boy avtomobilni chunonam tez haydabdi-ki, ular ulkan daraxtga borib zarb bilan urilibdi. Pachoqlangan avtomobil ichidan yangi boyning zo‘rg‘a ovozi eshitilibdi:
— Ming la’nat, qaysi biring ko‘zingni yummaganding?!
Qabriston go‘rkovi sport jihozlari do‘koniga qo‘ng‘iroq qilib:
— Allo, bu hafta nechta mototsikl sotdingiz?
— Beshta!
— Demak, yana bittasi qayerdadir sang‘ib yuribdi...
Go‘sht bozorida sotuvchi yoniga xaridor kelib so‘rabdi:
— Nimani go‘shti? Nima bilan bilan boqilgan?
— Mol go‘shti. Pokiza, halol go‘sht, oling! Non, saryog‘, qaymoqlar bilan boqqanman.
Xaridor hujjatini ko‘rsatib debdi:
— Men tekshiruvchiman. Oziq-ovqatni shu yo‘l bilan isrof qilyapsizmi?...
Sotuvchi qo‘rqqanidan, unga besh kilogramm bepul go‘sht berib yuboribdi.
Birozdan so‘ng boshqa xaridor kelibdi.
— Go‘sht qanchadan?, - so‘rabdi sotuvchiga qarab.
— O‘ttiz mingdan. Mol go‘shti. Chiqindilar, axlatdan topilgan yemishlar bilan boqilgan.
Bu xaridor ham sanitariya tekshiruvidan ekanini aytib, jarimaga tortmoqchi bo‘libdi. Sotuvchi unga ham talaygina go‘sht berib, zo‘rg‘a qutulib qolibdi.
Uchinchi xaridor rasta yoniga kelib go‘sht tanlay boshlabdi:
— Go‘shting tozzami? Nimalar berib boqgansan?
Sotuvchi bu safar ham “tushib” qolishidan qo‘rqib:
— Bilmayman nima yeganini. Qo‘liga pul berardim, ko‘chaga chiqib ovqatlanib kelardi, - dermish.