Doʻstlar haqida latifalar

Bir odam ko‘zgu do‘koniga ketayotsa, do‘sti chiqib qolibdi:
— Qayoqqa ketyapsan?
— Yangi ko‘zgu sotib olishga.
— Nega, eskisi sinib qoldimi?
— Yo‘q, unisiga qarasam, nuqul belimgacha ko‘rsatyapti.
Bir erkak do‘stiga maqtanibdi:
— Kecha xotinimni urishib berdim.
— Yug‘-ye, sen-a?
— Ha-da. Uylarni yig‘ishtiring, deb ish buyuryabdi.
— Xo‘sh?
— Yo‘qol ko‘zimdan, hali kirlarni yuvib bo‘lganim yo‘q, - dedim.
To‘rt ulfat oylik maoshini olib bir o‘tirib, ulfatchilik qilaylik deyishibdi. Ulardan yoshi kattarog‘i aytibdi:
— Kelinglar tanga tashlaymiz, agar tanga oldi tarafi bilan tushsa, saunaga borib bir miriqamiz, agar orqasi bilan tushsa qizlarni olib, toqqa chiqib, dam olib kelamiz, agar qirrasi bilan tushsa pivoxo‘rlik qilamiz, mabodo tanga yerga tushmay havoda muallaq turib qolsa, oyligimizni bir tiyinini ham sarflamay, xotinlarimizga olib borib beramiz! — debdi.
Chekishning zarari aniq isbotlandi. Chekkani chiqqanimda o‘rtoqlarim ovqatimni yeb qo‘yishibdi.
Bir yigit do‘stiga debdi:
— Yuzingga nima qildi? Hamma yog‘ing tirnalgan!
— Qizlarni deb urushdim.
— Kim bilan?
— Kim bilan bo‘lardi, xotinim bilan-da!
Boy odam bilan o‘g‘ri odam do‘st ekan. O‘g‘ri boydan so‘rabdi:
— Seni seyfingni kodi nechi?
Boy:
— Seyfimni kodini nima qilasan?
O‘g‘ri:
— Agar esingdan chiqib qolsa, senga aytaman.
Boy:
— Kodini bir daftarga yozib qo‘yganman.
O‘g‘ri:
— Daftaring qayerda?
Boy:
— Seyfimni ichida.
— Kecha kayfing oshib qoldi, o‘rtoq...
— Ha, nimalar deb baqirdim o‘zi? Eslay olmayapman!
— "Tashqariga chiqmoqchiman, menga eshikni olib keling!" deb ofitsiantga rossa o‘dag‘aylading...
Ikki ulfat ko‘l bo‘yida gaplashib o‘tirishsa, Xammer mashinasida bir boy kelib debdi:
— Yigitlar, ko‘lni qayeri sayoz? Mashinamda narigi qirg‘oqqa o‘tib ketmoqchiman.
— Mana bu yeridan o‘tsangiz bo‘ladi, - deb javob berishibdi.
Boy Xammerida ko‘lga qarab haydabdi-yu, shu zahoti cho‘kib ketibdi. Bir amallab suzib chiqqan boy:
— Sayoz degandilaring-ku!? - desa, ulfatlar hayron bo‘lib:
— Hozirgina shu yerdan bir to‘da o‘rdaklar o‘tib ketishgandi-da..., - dermish.
— Mashrab, tushimda ilon ko‘ribman, ta’biri nima?
— Qaynonang mehmonga keladi.
Bir yigit shartnoma bilan 10 yil Afrikaning chekka bir hududida ishlab kelibdi. Aeroportda uni do‘stlari kutib olishibdi. Yelkasida bitta maymuncha bilan do‘stlarini oldiga kelibdi. Bir do‘sti undan so‘rabdi:
— Ho‘sh do‘stim, u yerlar qanday ekan?
— Nimasini aytasan, juda issiq, suv yo‘q, ishlash qiyin...
— Kelin masalasi-chi? Uylandingmi?
— Oziq-ovqat ham taqchil ekan.
— Uylanish masalasi qanday ekan deyapmiz?
— Do‘kon ham yo‘q, biron nima olmoqchi bo‘lsang, 2 soat mashinada borish kerak.
— Ey, sendan ayollar haqida so‘radik, - deyishsa, yelkasida o‘tirgan maymuncha:
— Dada, sizdan onamni so‘rashyapti! – dermish.