Ishxona haqida latifalar

— Sizni bo‘limingizda nechta xodim ishlaydi?
— Rahbar bilan o‘n ikkita.
— Rahbarsiz-chi?
— Birortasi-yam ishlamaydi.
Ishdan xursand bo‘lib qaytgan eridan xotini so‘rabdi:
— Nega bugun xursandsiz?
— Meni ishdan bo‘shatishdi, - debdi er.
— Axir buni nimasiga xursand bo‘lyapsiz?
— Qolganlarni qamashdi-da xotin..., - dermish eri.
Ishxonada majlis. Boshliq:
— Bugun juma. Bu kichkina shanba degani. Ishlamaymiz. Kechki payt o‘tirish!
Ertaga shanba – o‘tirishni davomini qilamiz!
Yakshanba kuni bosh og‘rig‘iga davom ettiramiz!
Dushanba – ishxonada bosh og‘rig‘iga olamiz va uyga ketamiz!
Seshanba – ichmaymiz. Lekin bunday dam olishlardan keyin ishlash ham noto‘g‘ri bo‘ladi!
Chorshanba – ishga chiqamiz va jon berib ishlaymiz!
Payshanba kuni juma kuniga tayyorlanamiz va ishlamaymiz!
Juma kuni esa avval aytganimdek – kichik shanba! Hammaga tushunarlimi?
Zaldan ovoz eshitildi:
— Kechirasiz—ku, lekin shu chorshanba kunidagi axmoqgarchilik qachon yo‘q bo‘ladi?
Bir kishi hayvonot bog‘iga ishga kirish uchun kelibdi.
Hayvonot bog‘i rahbari haligi kishining mehnat daftarchasini ko‘rib chiqib so‘rabdi:
— Nega bunchalik tez-tez ish joyingizni almashtirgansiz?
— Men juda-yam sekin harakat qilaman, sekin ishlayman, hech narsaga ulgurmayman. Shuning uchun ishdan bo‘shatib yuborishadi, - debdi.
Rahbar:
— Unday bo‘lsa, sizni toshbaqalarga qarash uchun ishga olamiz, - debdi.
Ertalab hayvonot bog‘i xodimlari ishga kelishsa, toshbaqaning qafasi ochiq, ichida hech narsa yo‘q emish.
Bundan xabar topgan rahbar haligi kishini yoniga chaqirib:
— Bu nimasi? Toshbaqalar qayoqqa ketdi?! – desa, u kishi:
— Men qafasni ochishimni bilaman, toshbaqalar shunaqa tez qochib qolishdi-ki, eshikni yopishga ulgurmadim hatto!
— Qayerdasan og‘ayni?
— Ishdaman.
— Ishdan keyin nima qilmoqchisan?
— Nima qilardim? Pensiyaga chiqmoqchiman.
Oshpaz shifoxona oshxonasiga ishga kirayotgandi. Kadrlar bo‘limida undan so‘rashdi:
— Sudlanganmisiz?
— Yo‘q, hozircha qo‘lga tushmaganman!
— Kecha Media Park ga ishga kirish uchun sinovdan o‘tdim.
— Xo‘sh qalay bo‘ldi?
— Rahbar menga noutbuk berib, — Shuni menga qimmat narxda sota olsang, seni ishga olaman, - dedi.
— Sen nima qilding?
— Noutbukni olib, uyga jo‘navordim. Kechqurun qo‘ng‘iroq qilib:
— Noutbukni qaytar ablah, - degandi, — Besh million bo‘ladi!, - dedim.
Militsiyaga ishga kirmoqchi bo‘lgan bola, hamma komissiyadan o‘tib, oxiri boshliqni suhbatiga kiribdi.
Boshliq:
— Xo‘sh, mana komissiyadan yaxshi o‘tibsan. Qani ayt-chi, Kumushga kim zahar berib o‘ldirgan?
— Bilmayman o‘rtoq boshliq.
— Nyutonni boshiga tepadan nima tushgan?
— Uni ham bilmayman...
— Senga bir hafta muhlat. Aniqlab kelasan, - debdi.
Yigit uyiga kelsa, adasi so‘rabdi:
— Ha o‘g‘lim, ishga olishdimi? - desa, o‘g‘li:
— Ha ada olishdi. Birinchi ish kunimni o‘zidayoq ikkita jinoiy ish ham berishdi, - dermish.
Ikkita korxonaning rahbarlari gaplashib o‘tirishgan ekan.
— Men ishchilarimga ikki oydan beri maosh bermasam ham ishga kelaverishadi, - debdi birinchisi.
— Men esa uch oydan beri ishchilarimga umuman oylik bermayapman. Baribir hammasi kelaveradi. Endi ishga kelishni ham pullik qilib qo‘ymoqchiman, - dermish ikkinchisi.
Shifoxonada:
— Jag‘ingiz qanday sindi?
— Ishda jarohat oldim.
— Uch joyidan sinibdi-ya o‘ziyam. Nima ish qilasiz?
— Ekskavatorchiman. Kecha ishdan qaytayotsam, yo‘ldagi kanalizatsiya qopqog‘i ochilib yotgan ekan. Birortasi tushib ketmasin deb, ekskavator cho‘michini tuynukka qo‘yib, uyga kirib ketdim. Ertalab kelib cho‘michni ko‘tarsam, kanalizatsiyadan uchta santexnik chiqib kelishdi...