Ishxona haqida latifalar

— Menga juda kuchli budilnik kerak.
— O, ayni vaqtida keldingiz. Bizda zo‘ri bor. Avval o‘t o‘chiruvchilarning sirenasi chalinadi, uning ortidan artilleriya ovozlari eshitiladi. Bu ham foyda bermasa, ustingizga bir chelak sovuq suv sepadi. Shundan keyin ham o‘rningizdan turmay yotaversangiz o‘zi ishxonangizga qo‘ng‘iroq qilib, sizning kasal bo‘lganingizni bildirib qo‘yadi.
— Kuchsizlik qilmasmikan?..
— Yana bittasi bor. Yuqoridagilarni bajarganidan keyin ham uyg‘onmasangiz, go‘rkov bilan domlani ham qidirib topib keladi.
Bir ishxonada boshliq latifa aytib ishchilarini kuldirayotgan ekan. Hamma tizzaga urib kularmish. Bir odam hech kulmay, jim turaveribdi. Undan:
— Nega kulmayapsan, - deb so‘rashsa:
— Men bu yerda ishlamayman, - deb javob beribdi.
Xodim rahbarning xonasidan chiqib kelayotsa, hamkasbi yoniga kelib so‘rabdi:
— Xo‘sh, tinchlikmi? Boshliq nima dedi?
— Ikkita yangiligim bor. Bitttasi yaxshi, ikkinchisi yomon...
— Yomonidan boshlayqol!
— Meni ishdan bo‘shatishdi.
— Yaxshisi-chi?
— Sen ham bo‘shatilding!
Afandi bir idoraga ishga kirmoqchi bo‘lib borgan edi, uning boshlig‘i «erta keling, indin keling» deb juda ko‘p sarson qildi. Afandi bu ishdan umidini uzib o‘sha idora yonidagi sartaroshxonaga kirib ishlay boshladi. Bir kuni idora boshlig‘i kirib Afandiga soch oldirmoqchi bo‘l-di, Afandi uning sochining yarmini oldi-da:
— Turing, qolganiga ertaga keling! - dedi.
Bir yigit suhbatdan o‘tmoqda:
— Nima ish qila olasiz?
— Chuqur kavlay olaman.
— Yana-chi?
— Kavlamasligim ham mumkin.
Ishxonada birga ishlaydigan juvon erining suyuqoyoqligidan nolib gapirib, u bilan ajrashmoqchi bo‘layotganini aytgan ekan, dadam uni fikridan qaytarishga urinibdi:
— O‘ynash degani nosga o‘xshagan bir narsa, humori tutganda chekiladi-yu, keyin tuflab ketilaveradi, singlim. Ming marta shukur qilingki, siz eringizning nosqovog‘isiz.
Tungi qorovul rahbarga qarab:
— Xo‘jayin, men ikki kunlik navbatchiligimni ishlab bo‘ldim, - debdi.
— Qanday qilib, - hayron bo‘lib so‘rabdi boshliq.
— Bugun tunda uxlab qolibman, hech kim uyg‘otmabdi-yam..., - dermish qorovul.
Ko‘chada qo‘shni ayolni ko‘rib qolib, undan so‘radim:
— Qayerga ketyapsiz?
— Vazirlikka. Tartibga keltirib kelish uchun.
— Qoyilman! Juda-yam jur’atli ekansiz-ku?!
— Yo‘q, men shunchaki u yerda farroshman...
Ikkita hamkasblar kechki payt ishdan chiqishibdi. Birinchisi debdi:
— Bitta iltimosim bor, hozir boshlig‘imiz ishdan chiqadi. Sen uni haydovchisisan-ku! Mashina buzilgan deb biroz shu yerda uni ushlab turgin. Bugun boshlig‘imizni qizi bilan uchrashmoqchi edim, - debdi.
Haydovchi istar-istamas zo‘rg‘a rozi bo‘libdi.
Boshliq ishdan chiqib:
— Qani ketdik-mi?! - desa, haydovchi:
— Mashina negadir o‘t olmayapti!? - deb bahona qilib, ancha vaqtgacha ushlab turibdi. Buni sezgan rahbar:
— Nega meni aldayapsan? To‘g‘risini ayt! Aks holda ishdan bo‘shataman! - deb baqira ketibdi.
Boshqa chorasi qolmagan haydovchi bor gapni aytib beribdi. Shu yerda ishlaydigan do‘sti uning qizi bilan uchrashmoqchi ekanini, shunga u mashina buzildi deb, bahona qilganini aytsa, boshliq xoxolab kulib:
— Laqma ekansan-ku! Meni umuman qizim yo‘q. Undan ko‘ra uyingga borib o‘zingni qizingdan xabar ol!!! - degan ekan.
Bir joyda ishlaydigan ikkita odam aroq butilkalarini ketma-ket bo‘shatib, rossa kayflari oshib suhbatlari qizib ketibdi va ichidagi sirlarini oshkor qilishga tushibdilar:
— Iye, senmiding? Bilmagan ekanman!
— O‘tgan yili ta’tilga chiqib, sanatoriyga sen olaman degan yo‘llanmani men ilib ketdim.
— Iye, shunaqami, kim ilib ketdi degan edim-a!?
— Shunaqa ishlar...! Seni 3-4 marta dog‘da qoldirganman! Oxirgi olgan xayfsaningga ham men sababchi!
— Bo‘lmasam sen ham eshit! Esingdami 2 yil oldin o‘g‘illik bo‘lgan eding. Shuni sababchisi menman! Ko‘rdingmi, men ham qarab turganim yo‘q javobini qaytardim!