Salomatlik haqida latifalar
1. Onangni otangga maskasiz ko‘rsatma!
2. Boshingga qilich kelsa ham maska taq!
3. Kelinni kelganda ko‘r, maskasini yechganda ko‘r!
4. Do‘st maska so‘raganingda bilinadi!
5. Maska bilan obod yuzing, gar bo‘lsa u vayrona ham!
6. Bir o‘zbekka ham maska kerak, ham antiseptik, deganlaridek...
7. Maskaga ishonma, maskasiz yurma!
8. Bugungi maskani ertaga taqma!
9. Maskang xalol bo‘lsa, ko‘chada taq!
10. Maskangni yashirsang, istimasi oshkor qiladi!
11. Maskasi bo‘lmasa ham aptekachining bolasi gapirsin.
12. Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham maskasi bor gapirsin!
13. Maskaning 3 kun taqilgani ham maska...
14. Er xotinning urushi, doka maskaning qurishi...
15. Maska sotsang qo‘shningga sot, u bilan o‘zing gaplashasan...
16. Maskasi yo‘q, maskasi eskiga kuladi.....
17. El og‘ziga maska tutib bo‘lmas!
18. Maskasi borning maskasi yo‘q bilan nima ishi bor?
19. Maskang kechagi bo‘lsa ham taqib ol!
20. Maskalar bor, maskalarning naqshidir, Maskalar bor, mikrob undan yaxshidir!
21. Yuzta maskasiz do‘stdan bitta maskali dushman afzal!
22. Oltin olma, maska ol, maska oltin emasmi?
23. Maskasiz birni yengar, maskali mingni!
24. Karantindan keyin maskani ... taq!
25. Maskali, senga gapiraman, maskasiz, sen eshit!
Karantinga olingan ikkita bemor gaplashmoqda:
— Qanaqa qilib qochamiz karantindan?
— Kasalxona devori past ekan. Devordan oshib qochamiz.
— Devorni o‘zi yo‘q ekan-ku!
— Nima? Tamom! Unda qochishni iloji yo‘q!
Televizorda hamma tinimsiz "uyda o‘tiring" deydi. Hechkim "uyda yoting" demaydi. O‘tirishdan zerikib, yotib ko‘rdim. Mazza ekan...
Bitta paketga 2078 ta, ikkinchi paketga esa 3020 ta grechka donasini solib bizni aldab yurishgan ekan insofsizlar! Bugun shuni aniqladim!
Endi esa uyda o‘tirib, dunyoni qutqaryapman.
Hamma niqobda, boshliq kim aksirganini bilolmasdan:
— Kim aksirdi? - debdi.
Hamma jim!
— Kim aksirdi deyapman?!
Yana hamma jim!
Bir xodim sekin o‘rnidan turib "Tamomman endi" deb "Men, aksirdim boshliq" desa, boshliq:
— Sog‘ bo‘ling! - degan ekan.
— Ha. Chekishni tashlashni xohlayman!
— Unda tashla!
— Keyin orzusiz nima qilaman?!
— Men uydaman, siz qayerdasiz?
— Men majlisdaman.
— Iye, qanaqa majlis? Axir shifokorlar bir yerga to‘planmanglar deyapti-ku!
— Ha, biz odamlarni bir yerga to‘planmasligi to‘g‘risida majlis o‘tkazyapmiz.
Odamlar birinchi martta MCHSning tog‘li hududlarda qor ko‘chish xavfi to‘g‘risidagi SMS xabariga amal qilib uyda o‘tiribdilar.