Kunlarning birida Putin pokemonlarni ovlash uchun chiqmoqchi bo‘libdi. Shu kuni Rossiya yo‘llari shunaqangi tez ta’mirlanibdiki, hali bunaqasi davlat tarixida bo‘lmagan ekan.
Bir odamning to‘tisi bor ekan. Uyga kim kelsa, - bir tepay, bir tepay, - deb gapiraverarkan. Uy egasi do‘stlarini mehmonga chaqirmoqchi bo‘lib, to‘ti turgan qafas yuzini mato bilan yopib qo‘yibdi. Bir necha kundan keyin to‘ti esiga tushib qolib, matoni ochsa to‘ti:
— Tepkimni sog‘inib qoldingmi?, - debdi.
Afandi birovning bog‘iga kirib, o‘rik o‘g‘irlayotgan edi,
bog‘bon kelib qoldi. .
— Kimsan!?—dedi bog‘bon.
Afandi o‘rikning tanasiga yopishib olib javob berdi:
— Men o‘rikning yelimiman. Bog‘bon yana so‘radi:
— Yelim ham gapiradimi?
— Kechirasiz,— dedi Afandi,— bilmabman, chip-chip-chip...
Afandi eshak o‘g‘irlatganini eshitib, uzoq-yaqindan oshna-og‘aynilari kelib ko‘ngil so‘rashdi. Ularga osh-suv qilish uchun Afandining eshak narxidan o‘n hissa ortiqroq puli ketdi. Bu ham yetmaganidek, bir ezma oshnasi kelib Afandiga har turli savollar bera boshladi.
— Afandi, eshagingizni bir kishi o‘g‘irladimi, ko‘pchilikmi, eshakni minib ketdimi, yetaklab ketdimi? Eshak ostonadan o‘ng oyog‘i bilan chiqdimi, chap oyog‘i bilan chiqdimi?
Afandi unga javob berdi:
— Yanagi safar eshak o‘g‘irlatadigan bo‘lsam, sizni aytib kelaman, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.
Podsho vaziri bilan birga ovdan qattiq tashna bo‘lib qaytdi. Yo‘lda Afandining uyiga duch keldi-da, uni chaqirib:
— Qatig‘ingiz bo‘lsa, muzday ayron qilib bersangiz, juda chanqab kelyapmiz,— dedi.
— Bir tomchi ham qatig‘imiz yo‘q,— dedi Afandi.
Podsho g‘ijinib yo‘lga tushdi. Oradan sal vaqt o‘tgach Afandi mog‘orlab ketgan eski xurmachani ko‘tarib tomga chiqib:
— Qaytinglar, qaytinglar!— deb baqirdi.
Podsho bilan vazir shoshib-pishib qaytishdi. Afandi boyagi xurmachani ko‘rsatib dedi:
— Afsuski, qatiq yo‘q edi. Agar bo‘lganida shu xurmachani olib chiqib berar edim.