Latifa.uz saytida eng ko'p ovoz olgan latifalar ro'yxati.
O‘zbek, qozoq, rus va gruzin to‘rt askar yigitlar poyezdda xizmatdan qaytayotgan ekanlar.
Gruzin yigit:
— Men vatanim uchun pul to‘la hamyonimni ayamayman, - deb, oynadan hamyonini tashlab yuboribdi.
Poyezd Rossiyaga kelgach, rus yigit boshini derazadan chiqarib:
— Vatanim uchun men eng qimmat suvenirimni ayamayman, - deb harbiy xizmatdan olib kelayotgan esdalik sovg‘asini tashlab yuboribdi.
Poyezd Toshkentga kirib kelgach, o‘zbek yigit:
— O‘zbekistonim uchun hamyon, suvenir nima degan gap!? Hattoki, yaqin qardosh do‘stimni ham ayamayman, - deb qozoqni oynadan tashlab yuborgan ekan.
Bir kuni jurnalist futbolchidan so‘rabdi:
— Nega siz boshqa ish qilmaysiz yoki iste’foga chiqmaysiz? Yaxshi o‘ynay olmayapsiz-ku.
Futbolchi:
— Iye, unda oilamni kim boqadi?! Maydonda sal-pal yugurib, katta maosh olyapman..., - dermish.
Ikkita uchastka noziri aylanib yurishsa, daraxtda bir odam osilib turgan ekan. Nozirlardan biri ikkinchisiga:
— Nima qilamiz boshimizga ortiqcha tashvish keltirib. Shu murdani narigi tumanga olib borib osib kelaylik, - debdi.
Ikkala nozir murdadan qutulib, yo‘llarida ketaveribdi.
Narigi tumanni nozirlari aylanib yurib, ko‘zi daraxtda osilib turgan odamga tushib:
— Anavini qaranglar, yana shu yerga osib ketishibdi...- dermish.
Juma kuni kechqurun xotin eriga:
— Adasi, keling shu dam olish kunlari mazza qilib dam olaylik...
Eri xursand bo‘lib xotiniga:
— Bo‘pti xotin, dushanba kuni ko‘rishguncha unda! - degan ekan.
Jurnalist chekka bir qishloqda yashovchi odamdan intervyu olmoqda:
— Sizning qishlog‘ingizda qanday mashhur, taniqli shaxslar dunyoga kelgan?
— Yo‘q, bizni qishloqda faqat chaqaloqlar dunyoga kelishadi-ku!?
Bir odam qo‘shnisiga debdi:
— Ha qo‘shni, xo‘rozingizni sotgani olib ketyapsizmi?
Qo‘shnisi unga qarab:
— E, yo‘q! Shunchaki, tovuqlarim xo‘rozsiz bozorga bormaymiz deyishyapti, - deb javob qaytaribdi.
Bir kishi soliq qo‘mitasiga kelib debdi:
— Menga qachon mehnat ta’tili berasizlar?
Qo‘mitadagilar hayron bo‘lib:
— Axir siz bizni xodimimiz emassiz-ku!? – deyishsa, haligi kishi:
— Ha, lekin men faqat sizlar uchun ishlab yuribman-da! – degan ekan.