Latifa.uz saytida eng ko'p ovoz olgan latifalar ro'yxati.
Podsho bir marosimda atoqli odamlarga to‘n kiygizdi va Afandini masxara qilish uchun unga eshakning to‘qimini berdi. A’yonlar qatori Afandi ham podshoni duo qilib, minnatdorchilik bildirdi, so‘ng bunday dedi:
— Sizlarga shohim odamlar kiyadigan to‘n berdilar, menga esa, shohona lutf-karamlar qilib, o‘z kiyimlarini yechib berdilar.
Afandining bir oshnasi og‘zi latta bilan bog‘langan bir xumchani omonat topshirib:
— «Buning ichida voyvoyakning bolasi bor, og‘zini ocha ko‘rmang, uchib ketib qoladi» deb, tayinladi.
U ketgandan keyin, Afandi «voyvoyakning bolasi qanaqa bo‘lar ekan» deb, xumchani ochdi, qarasa: ichi to‘la asal.
Afandi bir tatib ko‘rishi bilanoq xumchaning yonidan ketmay qo‘ydi, uch kun qorni og‘ridi.
Besh-olti kundan keyin egasi kelib xumchani so‘radi. Afandi olib chiqdi. Egasi xumchani ko‘tarib ko‘rib:
— Afandi, men ketgandan keyin xumchani ochib, voy-voyakning bolasini uchirib yuboribsiz, shekilli,— dedi.
— To‘g‘ri,— dedi, Afandi,— uchib chiqib uyasini topolmay, qornimga kirgan ekan, uch kundan beri mening og‘zim bilan voyvoylaydi.
Bir kuni qo‘shnisi Afandidan so‘radi:
— Sizda qirq yillik sirka bor deb eshitaman, rostmi?
— Ha, rost,— dedi Afandi.
— Sirkani qirq yil qandoq asradingiz? Picha beringchi?
— Har kimga picha-picha beraversam, qirq yil ichida sirka qolarmidi,— javob berdi Afandi.
Sibir havo judayam sovuq. Ikki erkak turgan ekan, biri juda bahaybat it bilan, ikkinchisidan so‘rabdi:
— Isinib olishni xohlaysanmi?
— Xohlayman
— Fas!!
Xorijga xizmat safariga ketgan nabirasiga qari onaxon qo‘ng‘iroq qilyapti: — Allo, Shuhrat qayerdasan?! Nabirasi shivirlab: — Simpoziumdaman buvijon. Hozir gaplasha olmayman. Onaxon: — Men hech narsani bilmayman! Tuzlangan bodringdan 1 banka olib ketibsan. Bugunoq bankamni qaytarib olib kelasan!
Ovchini so‘roq qilayotgan tergovchi so‘rabdi: — Nega jabrlanuvchiga qarata o‘q uzdingiz? — Men uni buqa deb o‘ylabman. — Odam ekanini qachon payqadingiz? — Oyog‘iga o‘q tekkanda so‘kishni boshlaganida.
Qamoqxonada ishlaydigan yigit do‘stiga: — Biz tomonlarga borgin bir mehmon bo‘lib! O‘tirib ketasan! - desa, do‘sti: — Niyating buncha "sovuq"! Xudo asrasin-yey! - debdi.
Erkak kishi yo‘q dedimi - demak yo‘q! Erkak kishi xo‘p dedimi - demak xo‘p! Erkak kishi yo‘q deb turib, keyin xo‘p deyishga majburmi - demak u uylangan.