Mahalladagi bolalar ramazon aytib kelishsa, xotini eriga qarab:
— Adasi, borib anavi bolalarni hammasini haydab yuboring! – debdi.
Eri:
— Nega xotin? – desa, xotini:
— O‘tgan kuni men ularga somsa olib chiqib tarqatgan edim. Kecha ular menga “Pazandalik sirlari” degan kitobni tashlab ketishdi...!
Qadim zamonda podshohning yoniga ayonlaridan biri yugurib kelib:
— Shohim, huzuringizga dunyoda eng mashhur folbin kirmoqchi, - debdi.
Shoh kiritishni buyuribdi. Folbin saroyga kirib aytibdi:
— Ey shohim, buyuk lashkarboshi! Men sizning bo‘lajak janglaringiz va umuman kelajak hayotingiz xaqida fol ochib beraman.
Podshoh jallodni chaqirib:
— Bu folbinning boshini tanidan judo qilinglar! - deb buyuribdi.
Jallod buyruqni bajargach, savol berishibdi:
— Shohim, nega folbinni o‘limga hukm qildingiz?
Podshoh:
— Bu ablah folbin o‘zining kelajagini bilmaydi-ku, mening kelajagimni qayerdan bilsin! - degan ekan.
Yigit:
— Yaxshi qiz, 100 ming pulingiz tushib qoldi…
Qiz:
— Bu 100 ming men bilan tanishishga bahona bo‘la olmaydi!
Yigit:
— Unda ko‘proq pul tushiring!
Bolalar bogʻchasi:
— Bogʻcha opa, oʻrtogʻimga ayting, “Viz-z-z” etib u yoqdan bu yoqqa yuguravermasin... – debdi bolakay.
Bogʻcha opasi:
— Axir u mashina-mashina oʻynayapti-ku! Nima, senga uni “Viz-z-z” degani yoqmayaptimi? – desa, bolakay:
— Yoʻq, gazi yoqmayapti, - dermish.
Bir kuni tish pastasi bilan sovun hasratlashib qolishibdi:
— Meni odamlar og‘zilariga solib, tishlariga ishqalashadi... – debdi tish pastasi.
— Shukur qil, noshukur! – dermish sovun.
Faqatgina ko‘ngli ochiq o‘zbek ayollari chang yutgich bilan gilamni tozalayotganlarida gilamdan ip bo‘lagini topib olsalar,
ipni qo‘llari bilan olib, uni yana qaytib gilamga tashlaydilar! Chunki ular chang yutgichga yana bir bor imkon berishni xohlashadi...