Latifa.uz saytida eng ko'p ovoz olgan latifalar ro'yxati.
Yangi kelin-kuyov tushlik ovqatdan keyin ota-onasi bilan gaplashib o‘tirishsa, kuyov bola kelinga "Tur uyga kiramiz" degan parolni bermoqchi bo‘lib, stol tagidan xotinini oyog‘i bilan turtib imlabdi. Yana bir ozdan keyin sal kuchliroq turtsa, kelin yana indamabdi. Bundan kuyov bolani jahli chiqib bir tepgan ekan, kuyovni adasini jahli chiqib:
— Gaping bo‘lsa gapir! Boyadan beri nega oyog‘imga tepasan?! - dermish.
Bir kuni Alisher Navoiy shogirdi Xo‘ja Osafiyga nasihat qila boshlabdi:
— Men bir narsaga hayronman. Shunday o‘tkir zehnli, baland ta’bli bo‘la turib, she’r yozish bilan shug‘ullanmaysiz.
— Mavlono xo‘b ayturlar. Afv maqomida uzr bayon qilamanki, endi she’r yozishga zo‘r ishtiyoq bilan kirishib ketdim. Hatto kechalari ham she’r yozish bilan mashg‘ul bo‘lyapman. Masalan, o‘tgan kecha ikki pulga olingan sham yonib bitguncha, ikki yuz juft bayt yozdim.
— Undoq bo‘lsa, har yuz juft bayting bir pul ekan-da...
Yirik bankda ish qizg‘in ketmoqda. Bir payt niqobli odamlar, qurollari bilan bank eshigidan baqirib kirib kelishibdi:
— Yotinglar, qimirlamanglar, hech narsaga qo‘l tekkizmang!!! Bu bosqinchilik!
Shunda bank raisi boshini ko‘tarib mamnun ovozda:
— Xudoga shukur-yey, men soliq qo‘mitasidagilar deb o‘ylabman-a! – dermish.
Bir joyda ishlaydigan ikkita odam aroq butilkalarini ketma-ket bo‘shatib, rossa kayflari oshib suhbatlari qizib ketibdi va ichidagi sirlarini oshkor qilishga tushibdilar:
— Iye, senmiding? Bilmagan ekanman!
— O‘tgan yili ta’tilga chiqib, sanatoriyga sen olaman degan yo‘llanmani men ilib ketdim.
— Iye, shunaqami, kim ilib ketdi degan edim-a!?
— Shunaqa ishlar...! Seni 3-4 marta dog‘da qoldirganman! Oxirgi olgan xayfsaningga ham men sababchi!
— Bo‘lmasam sen ham eshit! Esingdami 2 yil oldin o‘g‘illik bo‘lgan eding. Shuni sababchisi menman! Ko‘rdingmi, men ham qarab turganim yo‘q javobini qaytardim!
Bir odam xizmat safariga keta turib, xotiniga debdi:
— Men safarga ketyapman. Uyni qulflab ketaman. Men kelguncha ko‘chaga chiqmagin.
Haligi odam uyni qulflab, kalitini eng yaqin, ishongan do‘stiga tashlab debdi:
— Senga hammadan ko‘proq ishonaman. Bu uyimni kaliti. Xotinimni rashk qilishimni bilasan. Kalitni hech kimga berma! Men kelguncha xotinim hech kim bilan ko‘rishmasin!
Haligi odam samolyotga chiqib, endi uchib ketayotsa, do‘sti qo‘ng‘iroq qilib qolibdi:
— O‘rtoq, senga ishonaman deganding. Uyni kaliti tushmayapti-ku, boshqa kalitni tashlab ketibsan...!
Har kuni ichib, mast bo‘lib yuradigan odamdan so‘rashibdi:
— Nega har kuni aroq ichasan?
— Unutish uchun, - debdi.
— Nimani unutish uchun?
— Aroqxo‘rligimni unutish uchun!
Bankni tunagan o‘g‘ri pullarni sanab ko‘rib:
— Bor-yo‘g‘i ellik million ekan..., - dedi g‘azabli ohangda.
Shu payt radiodan: "Shahrimizda joylashgan banklardan birida qo‘poruvchilik sodir etildi. Noma’lum shaxs tomonidan, bir milliard miqdordagi pul o‘g‘rilab ketildi" - degan xabar tarqaldi. O‘g‘rining battar jahli chiqib, o‘ziga-o‘zi ming‘irlab debdi:
— Hayotimni xavf ostiga qo‘yib, atiga ellik million o‘g‘irlay oldim xolos! Bank boshqaruvchisi esa, o‘tirgan joyida to‘qqiz yuz ellik million ishlab oldi-ya...!!!!