Latifa.uz saytida eng ko'p ovoz olgan latifalar ro'yxati.
Bir nechta davlatdan quruvchilar yig‘ilib suhbat qurishibdi:
Quruvchilardan so‘rashibdi:
— Sizlarda bino qurishdan oldin nima qo‘yiladi.
Angliyalik quruvchilar:
— Albatta, fundament! – deb javob beribdi.
Germaniyalik quruvchilar debdi:
— Bizlarda birinchi navbatta intizom qo‘yiladi.
O‘zbek quruvchilariga navbat kelganda ular shunday debdi:
— Agar biz binoni Rossiyada qursak, dasturxonga aroq qo‘yiladi. Agar o‘zimizda qursak, binoni qurishimizdan oldin muddat qo‘yiladi.
Bolakay adasidan so‘rabdi:
— Ada, aql bilan ayyorlikning farqi nimada?
— Aql ko‘chadagi ishkalni tinch hal qilishga yordam beradi. Ayyorlik esa ishkaldan chiroyli chiqib ketishga yordam beradi. Eng yaxshisi – donishmandlik.
— U nima?
— Ko‘chadagi janjalga aralashmaslik degani o‘g‘lim.
Bir davlat idorasi binosida suv quvuri teshilib qolibdi.
Darrov santexnikni chaqirtirishibdi. Yerto‘laga tushib tekshirib chiqqan santexnik idora rahbarlaridan biriga qarab:
— Tuzatib bo‘lmaydi! Bu yerda butun sistema chirib ketgan. Tag-tugi bilan almashtirish kerak! - desa, to‘satdan rahbarni rangi oqarib, o‘zini tashlab yuborgan ekan.
Ona bolasini koyib beribdi:
— Agar shunday to‘palonchi bo‘laversang, seni yaxshi bolaga almashtirib kelaman.
Bola bo‘lsa onasiga debdi:
— Aldamang! Qaysi ahmoq to‘palonchi bolani yaxshisiga almashtirishga rozi bo‘lar ekan?
Onasi uyqu oldidan qiziga ertak o‘qib bermoqda:
— Qadim zamonda bir hunarmandning uch o‘g‘li bo‘lgan ekan. To‘ng‘ich o‘g‘li juda dono, o‘rtancha o‘g‘li unchalik ham aqilli emas, kenja o‘g‘li esa umuman tentak bo‘lgan ekan.
Qizaloq:
— Oyijon, hunarmandning sog‘lig‘i borgan sari yomonlashib boravergan ekan-a?
Onasi:
— Nega unaqa deyapsan qizim?
Qizaloq:
— Ana, o‘zingiz o‘qidingiz-ku, farzandlari borgan sari yomonlashib boryapti ekan.
Bir kuni ikki dangasa olma daraxtini tagida o‘tirgan ekan, biri debdi:
— Qani edi, daraxtdan olma tushsa, mazza qilib yer edik...
Ikkinchisi unga dermish:
— Qo‘ysang-chi, olmani kim chaynaydi...?
Sizning maoshingizga qancha?
Rahbaringiz ko‘zi bilan qaralsa: “Buncha-yam ko‘p maosh to‘layapman...”
Xotiningiz ko‘zi bilan qaralganda: “Shu-yam pulmi? Buncha kam...!”
O‘zingizni ko‘zingiz bilan qaraganda: “Men davlatga tekinga ishlab beryapman!”
— Og‘ayni, xotinim bilan urishib qoldik.
— Nima bo‘pti? Biz ham janjallashib turamiz.
— Sizlarda kim birinchi bo‘lib gapiradi? Xotiningmi yoki senmi?
— Albatta, xotinim.
— Qanday qilib?
— Uydagi modemni sekin o‘chirib qo‘yaman. Xotinim darrov “Internetni tuzatib bering” deb yalinib keladi.
Mashhur yozuvchi Chexov 44 yoshida vafot etgan.
Pushkin esa 37 yoshida halok bo‘ldi. Mayakovskiy 36 da,
Yesenin-chi, bor-yo‘g‘i 30 yoshga kirganida o‘z joniga qasd qilishadi.
Mana, mashhur insonlarning davlat pensiya jamg‘armasiga qo‘shgan hissalari...!