Latifa.uz saytida eng ko'p ovoz olgan latifalar ro'yxati.
“Ovqat yeb o‘tiribsanmi, hech kimni eshitma va gapirma!” deb o‘rgatar edi onalar yosh bolalariga.
Fahmlashimcha “katta kresloda” o‘tirganlar bu iborani juda yaxshi o‘zlashtirganga o‘xshashadi.
Bir bola qarib qolgan buvisiga gap qaytarayotgan ekan, yonidan o‘tib ketayotgan odam buni ko‘rib debdi:
— Xolajon bu sizni nabirangizmi?
— Ha. O‘zim ko‘tarib katta qilganman, - debdi onaxon.
Haligi odam:
— Tashlab yubormabsizda, - dermish.
Vaqt allamahal bo‘lganda darvozadan kirib kelgan Farhod uni kutib olgan onasi debdi:
— Qayerlarda yuribsan Farhod? Soat nechi bo‘ldi?! Yuraver ertalabgacha!
Bu gapni eshitgan Farhodjon shu zahoti cho‘ntagidan telefonini olib, kimgadir qo‘ng‘iroq qilib:
— Allo, o‘rtoq ketib qolmadingmi? Ruxsat oldim. Hozir chiqaman, - debdi.
Radioning jonli efiriga navbatdagi tinglovchi qo‘ng‘iroq qilib gapiryapti:
“Kecha ko‘chadan pul to‘la hamyon topib oldim. Hamyon ichida puldan tashqari Yunusobod tumani, Bodomzor ko‘chasi 8 uyda yashovchi Qodirov Alishyer nomiga tashrif qog‘ozi ham chiqdi. Iltimos, Alisherga biror-bir qo‘shiq qo‘yib bersangiz”.
Ikki sevishgan gaplashib o‘tiribdi. Qiz:
— Dadam bilan gaplashib ko‘ring. Menga shunda uylansangiz bo‘ladi, - debdi.
Yigit qizning otasini yoniga boribdi. Otasi yigitdan so‘rabdi:
— Nima ish qilasan?
— Falon joyda.
— Maoshing qancha? – yana so‘rabdi qizning otasi. ⠀
— 400 ming so‘m debdi yigit.
— Iye, bu oyliging qizim bir oyda yeydigan go‘shtning ham puli emas-ku! – deb yigitni haydab yuboribdi otasi.
Yigit qizning uyidan chiqib ketayotsa, qiz:
— Ha, otam rozi bo‘lmadilarmi? - desa, yigit qizga qarab:
— Bor-yey! Sen ham ko‘p go‘sht yeydigan o‘zbeklardan ekansan! – dermish.
— Aytishlaricha, AQShda fuqarolarning pasporti bo‘lmas ekan.
— Unda propiska qayerga qo‘yilarkan?
— U yerda propiska degan narsa yo‘q!
— G‘alati. Unda militsiya to‘xtatsa nimani so‘raydi?
— Militsiya to‘xtatib hujjat so‘rashga haqqi yo‘q...
— Ola, Jumanazar!
Bir kuni komandir postda turgan askar yoniga boribdi:
— Faraz qil, sen turgan postga dushman kelyapti. Seni harakating? – desa, askar:
— Faraz qiling, men akopdaman, - dermish.
Harbiy xizmatga ketishdan avval maktabda o‘qituvchilik qilgan askar armiyaga borib, o‘t o‘ribdi, og‘ir yuk ham tashibdi, yer ham qazibdi, hamma yoni supurib ham chiqibdi. Komandirlar unga:
— Bo‘ldi, endi seni maxsus qismga xizmatga o‘tkazamiz. Sinovdan yaxshi o‘tding, - deyishsa, askar ularga:
— Yo‘q, menga shu yer ham bo‘laveradi. Men o‘zi o‘rganib qolganman, - dermish.