Afandi tirikchilikdan qiynalib, bir o‘rtog‘iga hasrat qildi.
— O‘zingning e’tiqoding past,— dedi o‘rtog‘i,— har kimdan tama’ qilib yurmay, to‘g‘ri xudoning o‘zidan so‘ra.
Afandi «qani, xudoning o‘zidan so‘rab ko‘ray-chi» deb. Qassobdan qo‘yning pufagini olib keldi. Uni obdan iylab, puflab rosa shishirdi-da, oftobda qurutdi. Keyin o‘tirib, bir parcha qog‘ozga ariza yoza boshladi: «E xudo, menga yuz tanga kerak bo‘lib qoldi. Dargohingdan noumid qaytarma, shuni ato qil»,— deb turar joyini ma’lum qildi. Arizani taxlab pufakka bog‘ladi-da, uchirib yubordi.
Osmonda uchib ketayotgan pufakni shahar qo‘rg‘onida turgan merganlar ko‘rib qolib, darhol urib tushirishdi. Bundoq qarashsa, qog‘ozga ariza yozilgan. Ulardan biri arizani podshoga olib borib ko‘rsatdi. Podsho o‘qib ko‘rib, bu Afandining ishi ekanligini payqadi. «Qani, nima derkin,»— deb, jo‘rttaga yuz tanga o‘rniga ellik tangani bir vaziriga berib yubordi.
— Afandim, siz xudodan yuz tanga so‘raganmidingiz?— dyedi vazir.
— Ha, so‘ragan edim.
— Kechirasiz, so‘raganingizdan bir oz kamroq berib yubordi, vazir unga haligi pulni berdi.
Afandi pulni sanab olib, «Ha mayli, ellik tangani bergan xudo qolganini ham berar»— deb, vazirni jo‘natdi.
Mazaxo‘rak bo‘lgan Afandi ertasiga yana ariza yozib uchirdi. Shahar muhofizachilari uni ham urib tushirib, arizani podshoga yubordilar. Podsho arizani o‘qidi: «E xudo, mening turar joyim o‘zinga ma’lum. Shunday bo‘lganidan keyin, nega o‘z qo‘ling bilan yuboraqolmay, vazirdan berib yubording? Vazirlarning fe’li o‘zinga ayon ediku. Mana, yarmisini urib qolib, yarmisini olib kelibdi. Endi bevosita o‘zimga to‘g‘ri yuboraver...»