Bemorlar haqida latifalar

Bemor doktordan so‘rayapti:
— Doktor, men tuzalamanmi?
Doktor:
— Bu narsa o‘zimgayam qiziq...
Kasbi elektrik bo‘lgan yigitni tok urib kasalxonaga tushib qolibdi.
Kasalxonada yigit hushiga kelib, yonida yotgan xonadosh bemor bilan tanishib undan so‘rabdi:
— Qayerliksiz?
— Qarshilikman, - debdi xonadoshi.
Shunda elektrik:
— Rezistor ekansiz-da... – desa, xonadoshi:
— Tok yomon urganga o‘xshaydi... – dermish.
Homilador ayol akusher ko‘rigidan o‘tib bo‘lgach, suhbatlashibdi:
Akusher:
— Mana, to‘qqiz oydan so‘ng ona bo‘lasiz!
Ayol:
— Nimaga to‘qqiz oy? Namuncha uzoq? Ikki oydan so‘ng iloji yo‘qmi?
Vrach hayratlanib:
— Buni aslo iloji yo‘q! Tabiat qonuni shunaqa. Ona farzandini to‘qqiz oyda dunyoga keltiradi, ikki oyda emas...
— Tabiatni tinch qo‘ying! Tajribasiz ekaningiz ko‘rinib turibdi. Biz tanlov o‘tkazib, ikki oyda ishni bitiradigan pudratchi topamiz. Xayr! Feysbukda "Potrebitel"ga siz haqingizda salbiy fikrlar yozib qoldiraman.
Bir odamni it tishlab oldi. U doktorga bordi.
— Sizni quturgan it tishlabdi, - dedi doktor.
Shunda haligi odam qog‘ozga shoshib bir nimalarni yoza boshladi.
— Nima, vasiyatnoma yozyapsizmi? - so‘radi doktor. Havotirlanmang, tuzalib ketasiz.
— Men tuzalgunimcha tishlashim kerak bo‘lgan odamlarning ro‘yxatini tuzyapman.
Kasalxonada yotgan ikki erkak suhbatlashayotib:
— Siz kasalxonaga qanday tushib qoldingiz?
— Tomdan yiqilib tushdim.
— Ming la’nat! Sen ekansan-da meni boshimga tushgan!!!
— Allo, bu tez yordammi?
— Ha, bu tez yordam.
— Xotinim napitka deb o‘ylab baklashkadagi benzinni ichib yuboribdi, hozir ichi qizib hovlida yugurib yuribdi.
— Xavotir olmang 10 kmdan keyin benzin tugasa o‘zi to‘xtaydi.
Bir yigit dorixonaga kirib:
— Bu yer bankmi? Menga kredit bering! – debdi.
— Yo‘q, - debdi apteka xodimi.
— Nega unda boyadan beri faqat pul sanaysiz? – degan ekan yigit.
Badavlat bir odam kasal bo‘lib qolibdi. Yaqin qarindoshi vrachga:
— Aytingchi doktor, umid qilsam bo‘ladimi?
Vrach unga:
— Umid qilmang, bu bor-yo‘g‘i oddiy shamollash...
Ikkita xirurg uchrashib qolib, biri ikkinchisiga debdi:
— Nega siz bemorlarni chala davolab ruxsat beryapsiz?
— Iye, eshitmadingizmi? Ishim endi yarim stavka-ku!
Bir bemor stomatologga kelsa, ichkaridan bittasi xursand chiqib ketayotganmush.
— Nega buncha xursandsiz? - desa, haligi odam tishini ushlab:
— Xudoga shukur, vrach yo‘q ekan, - dermush.