Podsho Afandiga ikki yuzta qo‘y berib, ta’kidladi:
— Shu qo‘ylarning sonini kamaytirmay qo‘zilatib, boqib berasan, — sut-qatig‘i xizmatingga!
Afandi qo‘ylarni haydab sahroga chiqib ketdi. Qarasa: poshsho uni aldab, sovliq emas, hammasiga qo‘chqor bergan ekan. Afandi ham qo‘ylarni bir chekkadan so‘yib yeya berdi, Qo‘ylar tugagach, podshoning muhlati ham tugadi. Afandi uyiga qaytib keldi, ammo o‘rdaga bormadi.
G‘azablangan podsho Afandining uyiga yasovul yuborgan edi, u: «Afandi tug‘ib yotgan ekan» degan xabarni keltirdi.
Tutoqib ketgan podsho Afandining uyiga kelib chaqirgan edi, Afandining xotini bunday javob berdi:
— Afandi tug‘ib yotibdilar, ishingiz bo‘lsa aytib keta qoling, aylanay, o‘zlari hech yerga chiqolmaydilar.
— Iya, er kishi ham tug‘adimi? Bu qanday noma’qulchilik!— qichqirdi podsho.
podshoga javoban xotinining yonida turgan Afandi der edi:
— Taqsirimning qo‘chqorlari tuqqanda, men tug‘sam ajablanadigan joyi bormi?!