Afandi qarib qolgan chog‘ida mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazayotgan edi, podsho kelib qoldi.
— Hoy chol,— dedi podsho,— sen piri-foniy bo‘p qolibsan. Bu ekayotgan daraxtlaringning mevasini yeyman, deb o‘ylayapsanmi?
— O‘tganlarning ekib qoldirganlaridan biz foydalanyapmiz. Endi bizning ekkanlarimizdan kelgusidagilar foydalansinlar, deb ekayapman.
Bu gap podshoga yoqib ketib, «Za» devordi. Uning «Za» degani ofarin degani edi, podsho har gal «Za» deganida ming tanga in’om berilishi shart edi. Podshoning yonidagi xazinachi darhol Afandiga ming tanga sanab berdi. Afandi qulluq qilib:
— Mana ko‘rdingizmi podshohim, mevalarim hoziroq xosil berdi,— dedi.
Podsho yanayam xursand bo‘lib, «Za» dedi. Xazinachi yana ming tanga sanab berdi. Afandining ta’bi ochilib ketdi:
— Aslida mevali daraxtlar yilda bir marta hosil beradi. Lekin podshoximning poyi-kadamlari sharofatidan ikki marta hosil berdi.
Podshoga bu gap ham xush kelib, yana «Za» devordi. Xazinachi Afandiga yana ming tangani sanab berdi-da, sekin podshoning qulog‘iga shivirladi:
— E podshohi olam, agar bu yerdan tezroq ketmasak, bu chol xazinangizni butkul, qurutadi...