Afandining mahallasidagi xasis bir boy qachon mehmon kelsa, bir patnusda suvi qochgan patirni olib chiqib qo‘yar, uni hech kim sindirolmaganidan yana butunicha olib kirib ketar edi. Bir mehmondorchilikdan keyin xizmatkor boyagi patirni ichkariga qaytarib olib ketayotganda, ostonaga qoqilib yiqildi-yu, patirni sindirib qo‘ydi. Boy «oh» deb, o‘zini tashlab hushidan keta yozdi. Afandi darrov o‘rnidan turib, patirning siniqlarini terdi, ularni boyga uzatib tasalli berdi:
— O‘zingizni bosing, boy buva, buning iloji oson: ko‘chaning boshida qadoqchi o‘tiribdi, yugurib chiqsangiz, sakkizta qadoq bilan patiringizni butunlab beradi.