— Yalang‘och, qasrning tomiga chiqib, tong otguncha tursangiz ikki yuz tanga mukofot beraman!
Afandi shartga rozi bo‘lib, shom vaqtida kiyimlarini yechdi-da qasr tomiga chiqib ketdi. Sovuqda qotib qolmaslik uchun u o‘zi bilan katta bir toshni olib chiqib, tong otguncha toshni u yoqdan-bu yoqqa yumalatib chiqdi.
Podsho va a’yonlar Afandini sovuqda qotib o‘lgan deb o‘ylagan edilar, Afandi esa, ertalab tomdan sog‘-salomat tushib podshoga ta’zim qildi hamda va’da qilingan tangalarning berilishini talab qildi. podsho so‘radi:
— Mulla Nasriddin, kechasi ko‘zingizga o‘t ko‘rinmadimi?
— Tog‘ning tepasida yiltillagan o‘t ko‘rindi,— dedi Afandi.
— Shartni buzibsiz, o‘sha o‘tga isingansiz, shuning uchun sizga tanga berilmaydi!—dedi-da, podsho Afandini haydab chiqardi. Yozda podsho vaziri bilan ovdan qaytishda nihoyatda chanqab, choy ichish uchun Afandining xovlisiga kelishdi. Afandi ular oldiga talqon qo‘ydi va dasturxonga qistay boshladi.
— Tashnalikdan o‘lar holatga keldik, choy qaynatib chiqing,— buyurdi podsho. Afandi «xo‘p bo‘ladi» dedi-da, uyiga kirib ketib, qaytib chiqmadi.
Podsho Afandining orqasidan kirib qarasa, u qumg‘onni uzun yog‘ochga ilib qo‘yib tagidan o‘t yoqmoqda. podsho hayron bo‘lib so‘radi:
— Yog‘och uchida turgan qumg‘on ham yerdan o‘t yoqqanda qaynaydimi?
Afandi beparvo javob berdi:
— Qasr tomida turib, tog‘dagi olovga isinsa bo‘lar ekan-ku, yerdan yoqilgan o‘tga yog‘och uchidagi qumg‘on qaynamas ekanmi?!