Afandi kasal bo‘lib tabibga borgan edi, g‘oz sho‘rva ichishni buyurdi. G‘oz sotib olishga qurbi yetmaganidan Afandi yelkasiga kamalakni osib, beliga ikkita nonni tugib, ko‘lga g‘oz ovlagani bordi. Qarasa, ko‘lda g‘oz ko‘p, biroq u kechgacha urinsa ham, bironta g‘oz ovlayolmadi. Nihoyat charchab, och qolib ko‘lning suviga non botirib yeya berdi. Shu vaqt bir ovchi kelib:
— Ha, Afandi nima qilib o‘tiribsiz!—so‘radi.
— G‘oz sho‘rva ichayotibman,— javob berdi Afandi.
— Go‘shti qani, yo‘q-ku?
— Go‘shtini tuzlab patiga o‘rab qo‘ydim, huv, ana!— deb uchib ketayotgan g‘ozlarni ko‘rsatdi Afandi.