Podsho ertalab ovga borar edi, ro‘parasidan Afandi chiqib qoldi. Afandining ko‘rinishi ancha hunuk bo‘lganidan, podsho xodimlariga buyurdi:
— Ovning boshidan shunday badbashara odam uchradi, bugun ov yurishmaydi, olib bor zindonga sol buni, hali ovdan qaytganda gaplashaman bu bilan!
Olib borib Afandini zindonga tashladilar. Ammo shu kuni podshoning ovi juda yaxshi yurishdi. podsho ovdan qaytgach, Afandini chaqirtirib dedi:
— Agar bugun ovim yurishmaganda, seni o‘ldirar edim, baxting bor ekan.
— Bir savol so‘rasam maylimi?—dedi Afandi.
— So‘ra!
— «Baxtsizlik keltiradi, ovim yurishmaydi» deb meni ertalab qamatdingiz, aksincha, ovingiz yurishib ketdi. Men ham bola-chaqamning shu bugungi tirikchiligi uchun bir parcha non topgani chiqqan edim, kechgacha zindonda yotib, tirikchilikdan qoldim, bola-chaqamning holi nima kechganini bilmayman. Qani, ayting-chi, ikkalamizdan qaysi birimiz baxtsizlik keltirar ekanmiz?