Afandining bir savdogar oshnasi uning tilla uzugiga suqlanib yurar edi.
— Afandi,— dedi u bir kuni — men sizni tez-tez ko‘rib turmasam sog‘inib qolaman. Uzoq safarga ketyapman, qo‘lingizdagi uzugingizni bersangiz, taqib olsam, qachon uzukni ko‘rsam, sizni ko‘rgandek bo‘lib yuraman.
Afandi uzukni berishga ko‘zi qiymay, javob berdi:
— Jon birodar, men ham sizni tez-tez ko‘rmasam turolmayman, qo‘ying, uzuk menda tursin, qachon uzukka ko‘zim tushsa: «Do‘stim tilaganda bermagan edim» deb sizni eslab yuraman.