Afandi bozordan tog‘ora olib kelayotgan edi, yo‘lda birov duch kelib:
— Qani, taqsir, tog‘orani menga bering, ko‘tarishib ketay,— dedi-da, Afandining qo‘lidan tog‘orasini oldi.
Uyga yetdilar. Afandi odamgarchilik yuzasidan u kishini mehmon qilib jo‘natdi. Biroq bu kishi har kuni kelib, Afandi bilan so‘rashib:
— Xo‘sh, qalay, tog‘ora omonmi?—deb so‘raydigan bo‘lib qoldi.
Har gal kelganida, Afandi uni holi-qudrat mehmon qilib jo‘natardi. Bu holning uzluksiz davom etishidan Afandi juda zerikdi.
Kunlarning birida, u kishi yana kelib, eshik qoqqan edi, Afandi tog‘orani ko‘tarib chiqdi. U ham so‘rashib bo‘lgach:
— Ha, qalay, tog‘ora omonmi?—deb so‘ragan edi. Afandi tog‘orani yerga tashlab yubordi. U yerga tushib sindi.
— Ha, tog‘ora shu damgacha omon edi, hozir ko‘z oldingizda jon berdi,— deb Afandi uyga kirib ketdi.