Afandi eshak o‘g‘irlatganini eshitib, uzoq-yaqindan oshna-og‘aynilari kelib ko‘ngil so‘rashdi. Ularga osh-suv qilish uchun Afandining eshak narxidan o‘n hissa ortiqroq puli ketdi. Bu ham yetmaganidek, bir ezma oshnasi kelib Afandiga har turli savollar bera boshladi.
— Afandi, eshagingizni bir kishi o‘g‘irladimi, ko‘pchilikmi, eshakni minib ketdimi, yetaklab ketdimi? Eshak ostonadan o‘ng oyog‘i bilan chiqdimi, chap oyog‘i bilan chiqdimi?
Afandi unga javob berdi:
— Yanagi safar eshak o‘g‘irlatadigan bo‘lsam, sizni aytib kelaman, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.