Bir kuni ular to‘planishib poshshoning oldiga kirishdilar-da, Afandining og‘zi sassiqligiga uni ishontirmoqchi bo‘lishdi. Ig‘vo ustiga tasodifan Afandi kelib qoldi. A’yonlarning rangi-quti o‘chib, damlari ichiga tushib ketdi.
Poshsho haqiqatni bilmoqchi bo‘lib Afandidan so‘radi;
— Qani, yaqinroq o‘tirchi, a’yonlar senga qattiq kasallik yo‘liqqan deydilar, rostmi?
— Shohim, ularning hammasi mening qadrdon do‘stlarim, ular yolg‘on gapirishmaydi, eshitaychi, ular nimalar deyishdiykin?
— Bularning aytishlaricha, sening og‘zing yomon sasib ketgan emish.
— Ularning gaplari juda to‘g‘ri, shohim,— dedi Afandi,— hozirgacha men ularning xiyonati, ahmoqona qiliqlarini birovga aytmay ichimga yuta berganimdan, o‘sha illatlar ichimda sasib, og‘zimdan chiqmoqda.