— Yeb-ichib yotish yetar endi, sen ham yurishga tayyorlan, Davrimiz — qilich, kamon, o‘qlar asri, gap-so‘zniki emas. Bu yurishda men bilan birga bo‘lasan!
Afandi yurishdan qoldirishini so‘rab qancha yalinmasin natija chiqmadi. Oxiri u nochor bir kamonni yelkasiga ilib, eshagiga minib poshshoning huzuriga yetib keldi. Bu ahvoldan ajablangan poshsho kulib undan so‘radi:
— Afandi, bu nima qiliq? Nahotki, ot topolmay eshak minib kelgan bo‘lsang?
— Iloji bo‘lmadi, shohim, eshagim yalinib: «Poshshoning sendan ajralgusi kelmasa, men ham sendan ajrala olmayman, sen qayerda bo‘lsang, birga borishim kerak», - deb turib oldi.
Afandining tixirligini ko‘rgan poshsho atrofdagilarga ham ta’sir qilish maqsadida:
— Yaxshi kamon olibsanu o‘qing ko‘rinmaydi.
— Uq menda yo‘q.
— Dushmanni nima bilan otasan?
— Bizga otgan o‘qlarini terib olib, o‘zlariga otaman,
— Ahmoq ekansan, agar dushman bizga qarshi sira ham otmasachi?
— Agar dushman bizga qarshi otmasa, juda yaxshi, unda urush bo‘lmaydi! Menga o‘qning nima keragi bor,— javob berdi Afandi.