Afandi bir kuni to‘yga bordi. Uning yonida o‘tirgan bir savdogar ochofatlik qilib yeganiga qanoatlanmay, dasturxondagi qand-qurslardan olib, cho‘ntaklarini to‘lg‘azdi. Afandi buni ko‘rib yonida turgan choynakni oldi-da, sekin uning cho‘ntaklariga quya boshladi. Savdogar payqab qolib, jahl aralash Afandidan so‘radi:
— Nega cho‘ntagimga choy quyyapsiz?
— Cho‘ntagingiz qand-qursni ko‘p yeb chanqab qolgandir,— dedi Afandi.