Oila haqida latifalar

Bolakay uyda xafa bo‘lib o‘tirsa, oyisi so‘rabdi:
— Nega xafasan o‘g‘lim:
— Karantin menga juda qimmatga tushdi. Qancha sof foydadan qolib ketganimni bilsangiz edi...! - debdi bolakay.
Onasi:
— Qanaqa foyda? - so‘rabdi onasi hayron bo‘lib.
— Bilasizmi oyi, shu kunlarda ramazon aytib qancha pul topardim, - dermish bolakay.
Xotin eriga:
— Bo‘ldi, men ketyapman.
Er:
— O‘zi anchadan beri qovoq-tumshuq qilib yurganingni sezgandim. Qayoqqa ketasan? Onangni uyiga borasanmi yana?
Xotin:
— Adasi, nimalar deyapsiz? Do‘konga ketyapman...
Er:
— Ha, shunaqami!? Qaytishingda menga ham biror narsa olib kelarsan...!
— Xotin, raqsga tushma!
— Nega dadasi?
— Nima qilyapsan? Senga gapiryapman! Qo‘llaringni tushir!
— Zo‘r musiqa ekan dadasi...
— Rulni ushla! Qayoqqa haydayapsan?!
Bola buvasidan so‘rayapti:
— Sizni yoshligingizda qo‘l telefoni bo‘lganmi?
— Yo‘q, bo‘lmagan bolam.
— Planshetchi?
— Yo‘q. U ham bo‘lmagan.
— Peydjeriz bo‘lgandir?!
— Yo‘q.
— Dinazavrlarni ko‘rganmisiz buva?
— ...
Bir kishi ko‘chadan tovuq o‘g‘irlab kelib o‘g‘liga debdi:
— Mana shu tovuqni bozorga olib borib sotib kel.
O‘g‘li ham tovuqni bozorga olib borib yo‘qotib qo‘yibdi.
Uyga qaytib kelsa:
— Tovuqni necha pulga sotding? - debdi otasi.
— O‘zini narxiga berib yubordim ota, - debdi bolasi.
Ertalab trenirovkaga, tushdan keyin maktabga boradigan o‘g‘limning ertaga ertalabki mashg‘ulotlari qoldirilgani eshitib, o‘zimcha unga buyurib qo‘yadigan ishlarimni rejalashtirdim.
— Xo‘sh, ertaga nimalarni rejalashtirding?, -so‘radim undan.
— Nimani bo‘lardi, ertalab o‘rnimdan turmay ko‘proq uxlashni, - javob berdi u.
Bir ayol dugonasiga eridan shikoyat qilayotganmish:
— Bunday ablah bilan yashashdan to‘yib ketdim. Ichadi, chekadi, uyda har kun janjal.
Dugonasi:
— U bilan ajrash, tamom! - debdi.
Ayol:
— Aslo unday qilmayman! U mendan qutulib mazza qilib yashasinmi?! - degan ekan.

Er-xotin choy ichib o‘tirishibdi.
Xotin:
— Bilasizmi, Afrikadagi ba’zi qabilalarda erlar o‘z xotinlarini sotib yuborar ekan. Mabodo shunday odat bizda ham bo‘lganida meni sotarmidingiz?
Er:
— Yo‘q, men seni sovg‘a qilib yuborardim!

Er-xotin ovqatlanib o‘tirishsa, xotin chapillab ovqat yebdi.
Shu payt eri bir turtib debdi:
— Chapillatmasdan yegin!
Birozdan keyin yana bir turtibdi:
— Yana nimaga turtasiz? - debdi xotini.
— Chapillatganing esimga tushib ketdi, - dermish eri.
Bir erkak ko‘chada mast bo‘lib o‘tirsa, yonidan o‘tib ketayotgan odam:
— Birodar, nega ko‘chada o‘tiribsan? - debdi.
Erkak:
— Uyga kiritmayapti-da, - debdi.
— Kim? Xotiningmi? - deb so‘rabdi haligi odam.
— Yo‘q! Xotindan himoyalanish instinktim kiritmayapti uyga, - degan ekan.