Ikki do‘st arazlashib qolib, qozini oldiga borishibdi.
Qozi “Ertaga kelinglar. Muammoni ertaga yechamiz” deb qaytarib yuboribdi. Qozixonadan chiqqan yigitlardan birining fikri buzilib, qozini oldiga qaytib borib 40 tilla tanga pora beribdi. Qozi ishni uning foydasiga hal qilib berishga va’da beribdi. Yo‘lda ketayotgan ikkinchi do‘st ham qoziga borib 100 tilla berib, u ham ishni o‘z foydasiga hal qilib berishni so‘rabdi. Qozi uni ham pulini olib qolibdi.
Ertasiga aytilgan vaqtga do‘stlar qozining huzuriga borishibdi va o‘z muammolarini hal qilib berishni so‘rashibdi. Qozi ularni eshitibdi-yu, bir so‘z demay jim o‘tiraveribdi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin birinchi do‘stni sabri chidamay qoziga bergan 40 tilla tangani eslatib qo‘yish maqsadida debdi:
— Qozi buva, gapni dangal, qirqib-qirqib gapirmaysizmi desa, qozi:
— Ha, qirqib-qirqib gapiray desam, do‘stingni yuzidan o‘tolmay turibman-da, - dermish.