Afandi bir qurumsoq boyda qarollik qilar edi. Bir kuni boy mehmonga ketayetib, Afandiga qiladigan ishlarni tayinladi:
— Qo‘y, sigir, tovuqlarga yaxshi qara! Tovuqlarning boshi yerdan, mol, qo‘ylarning boshi oxurdan uzilmasin! Hovli sahnini tozalab, yog‘ tushsa yalagudek qilib qo‘y!
Xo‘jayin ketgach, Afandi tovuqlarni parvarish qila boshladi, har qancha don bersa ham tovuqlar uni yeb bo‘lib, darhol boshini yerdan ko‘tarar edilar. Achchig‘langan Afandi tovuqlarni tutib hammasining boshini uzib, yerga tashladi «mana, endi yerdan ko‘tarilmaydigan bo‘ldi» dedi o‘z-o‘ziga. U molxonaga kirib, qo‘y, mollarni parvarish qila boshladi. Ammo ular ham yem-xashakni yeb bo‘lib, boshlarini oxurdan ko‘tarishar edilar. Afandi hayvonlarning ham boshini kesib, oxurga tashladi va «endi, oxurdan ko‘tarilmaydigan bo‘ldi», dedi o‘zicha. Bu ishlardan bo‘shagach, hovlini supurdi-da, boyning xumdagi yog‘ini eritib yerga sepdi. Ishlarni saranjomlagach, endi dam olishga o‘tirgan ediki, boy qaytib keldi, ahvolni ko‘rib baqirdi:
— Bu nima qilganing, haromzoda!
— Xo‘jayin, topshiriqlaringizni jonu dil bilan bajardim, mana, mollarning boshini oxurdan, tovuqlarning boshini yerdan uzilmaydigan qilib qo‘ydim. Hovlingizni shunday tozaladimki, ishonmasangiz, mana yog‘ ham sepdim, yalab ko‘ringchi,— dedi Afandi