Shahar hokimi ovqatdan boshqa narsani sira o‘ylamas edi. Bir kuni u shaharning ko‘zga ko‘ringan odamlarini chaqirib, ulardan bilgan ovqatlarining nomini yozib berishini talab qildi.
Ular orasida Afandi ham bor edi. U hokimdan ertalabgacha muhlat olib ketdida, nonushtada kelib hokimga arz qildi:
— Asal bilan sarimsoq piyoz qo‘shib qovurilsa, ajoyib ovqat bo‘ladi.
Hokim darhol oshpaziga o‘shanday ovqat tayyorlashni buyurdi.
Ovqat keltirilgach hokim bir qoshiq yedi-da, Afandiga qarab qichqirdi:
— O‘zing topgan ovqatingni o‘zing ye, ahmoq! Afandi noiloj yeya boshlagan edi, hokim so‘radi:
— Qalay, ajoyib lazzatli ovqat ekanmi?!
— Taqsir, men buni faqat o‘ylab ko‘rgan edim, xolos. Biror marta bunday ovqat qilib yegan emasman. Endi bilsam, xayol haqiqatga to‘g‘ri kelmas ekan,— javob berdi Afandi.