Podsho bir kuni Afandidan so‘radi:
— Afandi, mening qadr-qimmatim qancha bo‘lar ekan?
Afandi o‘ylanib turib javob berdi:
— Qadr-qimmatingiz yuz tilladan oshmaydi. Podshoning achchig‘i kelib, g‘azab bilan qichqirdi:
— Nega mening qadr-qimmatimni bunchalik pastga urasan, belimdagi kamarimning o‘zi yuz tilla-ku!
— O‘zingizni bosing, Podsho,— dedi Afandi,— shuning uchun yuz tilla dedim-da. Agar belingizdagi kamar bo‘lmasa, o‘zingiz bir chaqaga ham arzimaysiz.