Afandining anjiri pishgan edi, bir savatga terib Poshshoga olib bordi. Ammo qorovullar uni anjirini tortib olishdi-da, ichkariga olib kirib ketishdi. Afandi darvoza tagida qoldi. Shu vaqtda yasovullar besh-o‘nta bandini haydab kelishayotgan edi, ularning biri yo‘lda qochib ketdi, uning o‘rniga Afandini ham bandilarga qo‘shib qorovullarga topshirishdi.
Afandi qanchalik dodu faryod qilib yopishmasin, foyda bermadi, uni zindonga tashladilar.
Kunlar, oylar o‘tsa ham Afandi hamon zindonda qoldi.
Bir kuni poshsho zindonga kirib Afandidan nima sababdan qamalganini so‘ragan edi, u butun voqeani so‘zlab berdi. Poshsho uni bo‘shatishga buyurib, so‘radi:
— Sening anjiring menga juda ma’qul bo‘lgan edi, tila tilagingni?
— Anjir evaziga shuncha mukofot oldimki, buning ustiga yana biror narsa so‘rashga ham uyalaman. Bir dona o‘tkir bolta hadya qilsangiz, shuning o‘zi bas.
— Boltani nima qilasan?
— Bog‘imdagi anjirlarni bitta qo‘ymay kesib tashlamoqchiman,— dedi u.