Afandining bir kamsut, qisir qolgan, suzong‘ich sigiri bor edi. Uni yetaklab bozorga sotgani olib bordi. Afandi bozorda turib xaridor chaqirar edi:
— Bir qoshiq suti bor, xolos, qisir qolgan, orqadan kelganni tepadi, oldidan kelganni suzadi, kim olsa puliga kuyadi!
U kechgacha shu xilda javrab turdi, birorta xaridor Afandining yoniga yo‘lamadi. Afandining rostgo‘y, soddaligidan hayron bo‘lgan bir dallol kelib sigirni sotib bermoqchi bo‘ldi-da; sigirni maqtay ketdi.
— Kunda to‘rt tovoq sut beradi, qornida to‘qqiz oylik bolasi bor, erta-indin tug‘adi, qo‘ydan ham yuvosh, kimki olsa foyda qilib, pulidan baraka topadi.
Dallolning so‘zini eshitib, xaridorlar kela boshladi. Afandi sigirni dallolning qo‘lidan olib:
— Sigirimda bunday xislatlar bor ekan, sotib nima qilaman,— dedi-da, yetaklab bozordan chiqib ketdi.