Ayollar haqida latifalar

Baklashkaga benzin quyayotgan erini ko‘rgan xotini undan so‘rabdi:
— Nima qilasiz buni?
— Mashinaga quyaman. Nima edi?
— Ha, mayli. Faqat hech kimga sepib yurmang-a... Juda tez yonadi!
Bir qizaloq ko‘zguning oldida ko‘zini yumib turganmish.
Onasi kelib:
— Nima qilib turibsan? – desa, qizi:
— Qanday uxlashimni tomosha qilyapman, - debdi.
Shahardan qishloqqa kelin bo‘lib tushgan qizga qaynonasi:
— Molxonaga kirib, sigirni sog‘ib chiqing, - desa, kelin tovuqxonaga kirib ketayotgan emish. Qaynonasi:
— Qayoqqa ketyapsiz? Sigirni sog‘ing desam, tovuqxonaga kirib ketyapsizmi? – desa, kelin:
— Voy oyijon, hayvonlarga-yam alohida-alohida xona qilib berganmisizlar? – dermish.
Mahalladan o‘tib ketayotgan qizga ko‘chada turgan ayollar debdi:
— Kecha seni kuzatib kelgan yigit yaxshi yigit emas!
— Nega unaqa deyapsizlar?
— Kecha ko‘rdik, seni kuzatib bo‘lgach, sigaret chekdi... Bu yomon odat!
— Sizlarga o‘xshab g‘iybat qilish yaxshi odatmi? Undan ko‘ra sigaret chekkaningiz yaxshi edi!
Ikki dugona suhbatlashmoqda:
— Nega nikoh uzugingni boshqa barmog‘ingga taqib olding?
— Chunki boshqa insonga turmushga chiqqanimni tushunib oldim.
Xotin:
— Er-xotin shuncha yil birga yashab, faqatgina bir marotaba uydan ikkalamiz birga chiqdik...
Dugonasi:
— Birga? Kino yoki teatrga borgandami?
Xotin:
— Yo‘q! Uyimizdan yong‘in chiqqanda. Birga yugurib, qochib chiqdik...
Bir kishi qari donishmanddan:
— Ayollarni yaxshi yoki yomonligini qanday ajratsa bo‘ladi? - deb so‘rabdi.
— Ularni gapirishidan, - javob beribdi donishmand.
— Agar gapirmasa-chi?, - so‘rabdi kishi.
Shunda donishmand:
— Shuncha yashab, bunday yaxshi ayolni uchratmadim, - deb javob beribdi.
Bir kishi hojatxonaga kirish uchun kelsa, xojatxonalarning eshiklaridan biriga “J”, ikkinchisiga “M” deb yozilgan ekan.
Boyagi kishi “J”ga qarab:
— “Juda shoshilganlarga” bo‘lsa kerak. Shu eshikka kira qolay, - debdi-da, ichkariga yugurib kirsa, bir ayol turgan ekan. Ayolga qarab:
— Meniki ham juda shoshilinch edi-da... – dermish.