Transportda haqida latifalar

Bir yigit avtobusga chiqsa, chiroyli rus qiz o‘tirgan ekan. Yigit qizni yoniga borib:
— Ozgina suriling, - desa, qiz rus ekan tushunmay qarab turibdi. Shunda yigit qizga nima deb gapirishni bilmay:
— Chut-chut idi poshyol... – degan ekan tirjayib.
Poyezd kupesiga bir nimjon kishi kirib:
— Bokschi, kurashchi, umuman sportchilar bormi?, - deb so‘rabdi.
— Yo‘q, - deyishibdi.
— Unda besh mingdan yig‘ib beringlar, - deb, pulni olib, chiqib ketibdi. Bu hol yana uch martta takrorlanibdi. To‘rtinchi martta kirib yana so‘rabdi.
— Bor, - debdi kupedagilardan bittasi.
— Unda shaxmat o‘ynaymiz, yutqazgan ellik ming beradi, - dermish.
Tezyurar poyezd. Yo‘l kuzatuvchisi har bir kupega kirib iltifot bilan murojat qilyapti:
— Chet elliklar bormi ?
Barcha kupelarda "Yo‘q" deb javob berishibdi.
Kuzatuvchi yo‘lakka chiqib baqirdi:
— Teshavoy! Konditsionerni o‘chiraver! Hammasi o‘zimiznikilar ekan!
Bir guruh injener-professorlarni yangi samolyotning ilk parvozida ishtirok etishga taklif qilishibdi. Bortga chiqib, joylashib olishgach, e’lon qilishibdi:
"Hurmatli injener-professorlar, ushbu samolyot sizlarning talaba-magistrantlaringiz tomonidan yaratildi. U ilk bora havoga ko‘tarilishga tayyor. Maroqli parvoz tilaymiz!"
Shu payt hamma professorlar ur-yiqit qilib, samolyot bortidan qocha boshlabdi-yu, faqatgina bittasi joyida xotirjam o‘tiraveribdi.
— Siz nega xotirjam o‘tiribsiz? Talabalaringizga juda-yam ishonar ekansiz?! - deyishsa, professor pinagini buzmay:
— Agar shu samolyotni meni talabalarim qurgan bo‘lishsa, uchish u yoqda tursin, u hattoki joyidan ham qo‘zg‘almaydi, - dermish.
Avtobusda ketayotgan yosh yigitcha o‘rindiqda bo‘yniga tilladan yasalgan samolyot zanjirini ilib olgan ayolga termulib ketayotsa, ayol unga qarab:
— Ha, yigitcha, samolyot yoqib qoldimi? - desa,
Yigit:
— Yo‘q, aeroport yoqdi, - deb javob beribdi.
— Allo, o‘rtoq, ketingdan ketvommiza, bir orqaga qarab qo‘ygin, Gelenvagenni ko‘rdingmi?
— Yo‘g‘eye?
— Ko‘rdingmi? Biza orqasidagi marshrutkadamiza.
Samolyotda hayvonlar uchib ketayotishgan ekan. Sher hammasini yigʻib debdi:
— Kim salonda sigaret cheksa, samolyotdan tashlab yuboraman.
Bir payt oq qush chekib oʻtirgan ekan. Yoniga quyon kelib:
— Nimaga sigaret chekyapsan? Sher koʻrib qolsa, samolyotdan tashlab yuboradi, - desa, oq qush:
— Qoʻrqma! Chekaver! Hech narsa qilmaydi, - debdi.
Ikkalasi chekib oʻtirsa, sher kelib qolib, samolyotdan otib yuboribdi.
Oq qush quyonga qarab:
— Uchishni bilasanmi? – debdi.
— Yoʻq... – debdi pastga tushayotgan quyon.
— Uchishni bilmasang, nima qilarding chekib?! – deb uchib ketgan ekan.
Bir yigit avtobusga chiqibdi. Qarasa, yonida ketvorgan bir qiz turganmish. Yigit qizga mahliyo bo‘lib qolibdi.
Bir payt qiz:
— Salom! — debdi. Yigit ham shosha-pisha alik olibdi.
Qiz:
— Ishlar yaxshimi?
Yigit:
— Rahmat, o‘zingiz tinchmisiz?
Qiz:
— Men ham yaxshi. Nima qilyapsiz?
Yigit:
— Uyga ketyapman.
Qiz:
— Kechqurun bo‘shmisiz? Agar bo‘sh bo‘lsangiz kinoga borardik!
Yigit:
— Ha, bo‘shman!
Qiz:
— Unda kechki 18:00da qo‘ng‘iroq qiling!
Yigit:
— Ho‘p bo‘ladi! Raqamingizni ayting! — desa, qiz indamasmish.
Yigit yana:
— Raqamingizni ayting! - deb qizni turtsa.
Qiz qulog‘idan naushnikni chiqarib:
— Tinchlikmi aka? Nega turtasiz? — dermish.
Ikkita odam poyezd kupesida ketmoqda.
Biri ikkinchisiga:
— Karta o‘ynamaymizmi?! Yo‘l olis...
— Men karta o‘ynashni bilmayman-da.
— Men ham deyarli bilmayman! - deb cho‘ntagidan kartani chiqarib, ikki-uch martta aralashtirishdi-da, birdaniga:
— Voy, bu yerda ikkita karta yetishmayapti. Valet g‘isht va qirol qarg‘a...!
Bir kishi poyezdga qo‘yni sudrab chiqayotsa, provodnik so‘rabdi:
— Bu qo‘yni qayoqqa sudrab ketyapsiz?
Haligi odam javob beribdi:
— Qo‘y Toshkentda o‘qiydi! Bu-pora...