Bir akaxon Damasda kirakashlik qilarkan. Yo‘l chetida odam olib tursa, bir yigit kelib haydovchiga debdi:
— Aka, meniyam olib keting, iltimos. Shoshilyapman, qolib ketmay!
— Oltita odam oldim. Yettinchini ololmayman. GAI xodimlari "peregruz" deb jarima yozishadi, - debdi haydovchi.
— Iltimos, 5000 beraman.
— Yo‘q!
— 50 000 beraman, - debdi yigit.
Bu gapni eshitgan haydovchi mashinadan tushib:
— Keling, o‘rnimga o‘tiring! Hech narsaga tegmang. Faqat rulni ushlab o‘tiring. Men mashinani itarib ketaman, - dermish.
Bir mushuk ko‘chada daydib yursa, itni uchratib qolibdi:
— Nima qilib sang‘ib yuribsan? – debdi itga.
— Xo‘jayin uyga domofon qo‘ydi. Endi meni keragim yo‘q, - debdi it.
— O‘zing-chi? Xo‘jayningni sovuqda oyog‘i og‘rirdi shekilli...? Sen uni oyoqlarida yotarding. Seni juda yaxshi ko‘rar edi-ku!? – desa, mushuk:
— E, xo‘jayinim uyiga issiq pol o‘rnatdi. Endi meni kerakmas deb o‘ylayapti. Hali qish kelsin, ko‘ramiz...!
Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq:
— Labbay, eshitaman.
— Allo, kim bu?
— Kim kerak sizga?
— O‘zi kim bu?
— Uzr, kimni chaqiray?
— Kim bu deb so‘rayapman...
— Qo‘ng‘iroq qilgan siz-ku! Kimni chaqiray?
— Esh-sh-sh-shak!
— Uzr, bu yerda qarindoshlaringiz yashamaydi. Adashib tushdingiz, xayr!
Uyga qaytgan o‘g‘il, telefonidan ko‘zini uzmay o‘tirgan onasiga:
— Oyijon men keldim! – desa, onasi o‘g‘liga qaramay:
— Qayerlarda sang‘ib yuribsan? – debdi beparvolik bilan.
O‘g‘li onasiga:
— Oyi, men armiyadan qaytdim!!! – degan ekan.
— Dugonajon, qanday qilib bu yigitni sevib qolding?! Peshonasiga yozib qo‘yibdi-ku uni, “xotinboz” deb!
— Peshonasiga yozilganmidi? Peshonasiga sochi tushib turgan ekan-da, ko‘rmay qolibman...
Xitoylik tadbirkorlarga savol berishibdi:
— Angliyaliklarni mahsulotlarini o‘zlashtirib oldingiz. Amerikaliklarni qurilmalarini ham o‘rganib bo‘ldingiz. Hattoki, germaniyaliklarni ixtirolarini ham o‘zingizda ishlab chiqarib, butun dunyoga sotyapsizlar. Nega Rossiyada tayyorlanadigan aroqlarni haligacha o‘rganib ololmayapsizlar?
Xitoyliklar javob beribdi:
— Biz butun dunyoga josus yuborganmiz. Josuslarimiz zavod va fabrikalarda hamma axborotni to‘plab, bizga yetkazib turishadi. Lekin Rossiyadagi aroq zavodlariga yuborayotgan hamma josuslarimiz aroqxo‘r piyonista bo‘lib qolishyapti. Hech narsani bilib kelisholmayapti...
G‘alati fakt:
O‘zbekiston iqtisodiyotini ko‘tarish uchun, Moliya vazirligida xodimlar sonini qisqartirib, taksichilarni ko‘paytirish kerak.
Choyxonada o‘tirgan ulfatlardan bittasi debdi:
— Kim xotinidan qo‘rqsa, o‘rnidan tursin! Hamma o‘rnidan turibdi-yu, bir odam o‘tirganmish.
Shunda sheriklari:
— Sen xotiningdan qo‘rkmaysanmi? – desa, u:
— Xotinimni eshitib, oyog‘im ishlamay qoldi, - degan ekan.
Hayvonlarga qiziquvchan yigit zoodo‘konga kirib so‘rabdi:
— Sizlarda gapiruvchi hayvon bormi?
— Bor. Bizda qirqoyoq degan jonivor bor. U bemalol gaplashadi, - debdi sotuvchi.
Yigit:
— Iltimos, qirqoyoq bersangiz, - deb sotib olibdi.
Uyiga kelgach, qirqoyoqqa ovqat beribdi. Birozdan so‘ng yigit:
— Yur, ko‘chaga chiqib kelamiz, - desa, qirqoyoq indamasmush. 10 daqiqa o‘tib, yigit yana:
— Yur deyapman ko‘chaga chiqamiz, - dyebdi.
Qirqoyoq bo‘lsa:
— Shoshmay tur, poyafzallarimni kiyib olay! – dermish.
Erkak uyiga kovrolin to‘shab, ishni tamomlagach, sigaret chekmoqchi bo‘libdi. Cho‘ntaklarini qidirib, sigaretini topa olmasmish.
Bir payt qarasa, kovrolinni o‘rtasi do‘mpayib ishib turganmish.
“Obbo! Shu yetmay turgandi. Kovrolinni tagida sigaret qutim qolib ketibdi” debdi jahli chiqib. Qarasa, oshxonadan xotini chiqib eri tomonga kelayotganmish. Erkak bolg‘ani olib, kovrolinni do‘mpayib turgan joyini tez-tez urib, pachoq qilib tekislab qo‘yibdi. Xotini erini tepasiga kelib:
— Adasi, sigaretingizni qidirmadingizmi? Mana, oshxonada qoldiribsiz. Kecha siz menga sovg‘a qilgan yangi telefonni topa olmayapman, ko‘rmadingizmi qayerda qoldi ekan?! – dermish.