Kafe-restoran haqida latifalar

Oshxonada:
— Nima ovqatlar bor?
— Faqat tok osh bor.
— Axir bu 2 ta ovqat-ku!
— Endi bitta. Bizga qozon kerak bo‘lib qoldi.
Yigit bilan qiz restoranga kirishibdi. Yigit yengilroq salatlardan buyurtma beribdi.
Qiz tez-tez menyuga qarab qo‘yarmish.
Vanihoyat yigit:
— Biror issiqroq narsa buyurtma qilamizmi? - desa, qiz xursand bo‘lib:
— Ha, - debdi.
Shunda yigit ofitsiantni chaqirib:
— Bizga 2 ta qaynoq choy! - degan ekan.
Ikkita o‘zbek Fransiyaga borib restoranga kiribdi.
— Fransuz tilini bilmaymiz-ku, qanday qilib buyurtma beramiz? - debdi biri.
Sherigi:
— Shoshmay tur! Hozir boplayman, - debdi va ofitsiantni chaqirib:
— Lya salat, lya tovuq, lya non, lya choy, - debdi. Ofitsiant tez fursatda hamma aytgan narsalarni olib kelib beribdi.
— Ko‘rdingmi! Men bo‘lmasam nima qilarding?! - debdi buyurtma bergan o‘zbek sherigiga va ofitsiantga:
— Lya rahmat! - desa, ofitsiant:
— Lya osh bo‘lsin, aka! - degan ekan.
Kechasi soat 23.00lar atrofida. Telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlabdi.
Er:
— Allo?
Xotin:
— Labbay?
Er:
— Bugun kech qolib ketdim...
Xotin:
— Hechqichi yo‘q.
Er:
— 3-4ta og‘aynilarim bilan kafeda o‘tirgandik.
Xotin:
— Mayli, yaxshi!
Er:
— Kechirasiz, boshqa joyga tushdim shekilli?!

— Retoranda xotinim bilan uchrashib qolgan kun hecham yodimdan chiqmaydi.
— Juda zo‘r kecha bo‘lganmidi?!
— Men xotinim bolalar bilan uyda o‘tiribdi deb o‘ylabman-da!

Ikkita odam kafeda ovqatlanib bo‘lgach, ofitsiantga qarab:
— Hisob qancha bo‘ldi? - debdi.
Ofitsiant futbol muxlisi ekan:
— Liverpul-Brayton 1:0, - debdi.
Restoranga kirib ovqatlanayotgan xo‘randa ofitsiantni chaqirib debdi:
— Kechirasiz, restoran musiqachilari pullik xizmat ko‘rsatishadimi?
— Ha, - debdi ofitsiant.
— Unda men pulini to‘layman, iltimos, biroz musiqa chalmay turishsin, men ovqatlanib olay...! - debdi xo‘randa.

Ertalab restoranga bir odam hovliqib kirib:
— Kecha kechqurun men shu yerda bo‘lganmidim? - debdi.
Ofitsiant:
— Ha, bo‘lgan edingiz, - debdi ofitsiant.
— Ikki yuz ming so‘mlik aroq ichib qo‘ydimmi? - so‘rabdi yana.
Ofiuiant:
— Ha, - debdi.
— Xudoga shukur-ey! Men pulimni yo‘qotib qo‘ydimmi deb qo‘rqib ketdim, - dermish.

Shahar tashqarisida 100 km soat tezlikda shoshib ketayotgan haydovchining ko‘zi yo‘l chetidagi "Oq yo‘l! - 50" degan yozuvga tushibdi. Radar bor ekan-da, deb o‘ylagan haydovchi va darhol tezlikni 50 km soatga tushiribdi. Yarim soat yuribdi. Yo‘l chetida yana "Oq yo‘l! - 20" degan yozuv chiqibdi. Aniq YPH xodimlari turgan bo‘lsa kerak, - debdi o‘ziga-o‘zi va 20 km soat tezlikda yura boshlabdi. Yana yarim soat shu past tezlikda haydab ketaveribdi. Bir vaqt "Oq yo‘l! - 5" degan yozuv ko‘ribdi. Aniq reyd bo‘layotgandir, - deb 5 km tezlikda haydabdi bechora. Yurib-yurib qarasa, 5 km dan keyin oldidan "Oq yo‘l!" degan kafe chiqibdi.
Kafeda ofitsiant mijozga buyurtma qilingan tovuqni qo‘lida ushlab olib kelayotganini ko‘rib jahl bilan:
— Nega ovqatni qo‘lingiz bilan ushlab olgansiz!? - desa, ofitsiant:
— Ikki martta yerga tushib ketdi. Uchinchi martta ham tushirib yubormay degandim... - dermish.