Kaltafahmlar haqida latifalar

Ona qizalog‘ini vrach ko‘rigiga olib kelib:
— Qizimning ko‘zlari nega kichkina? Axir bizning koreys qarindoshimiz yo‘q-ku!
Vrach:
— Ko‘zlarini yon tomonini qarab ko‘ring-chi, kattalashtirish moslamasi yo‘qmikin?
Xotin eriga debdi:
— Azizim, men o‘g‘limizga ism tanlab qo‘ydim!
— Nima ism ekan?
— Leksus deb ataymiz!
— Esing joyidami tentak?
— Endi oilamizda Leksus va Tentak bo‘ladi!
Ikki kishi yo‘lda ketayotsa, biri birdan xoxolab kulvoribdi.
Sherigi:
— Nega kulding, - deb so‘rasa
— O‘zimga o‘zim latifa aytayotsam, ichidan eshitmaganim chiqib qoldi, - dermish.
E’lonlar taxtasidagi yozuvdan:
"Kelishgan yigit bilan turmush qurmoqchiman. Uni yonida ko‘p ovqat yeyishga uyalib ozish niyatidaman. Yetarlicha ozganimdan so‘ng, ajrashib ketishimiz ham mumkin".
Bir odam qo‘shni davlatga ishlagani borib kelibdi-yu, qaytib kelgach odamlarga maqtana boshlabdi:
— Turkiya, Arabistonning hamma shaharlariga bordim. Juda miriqib dam oldim.
Qo‘shnilaridan biri debdi:
— Unda siz jug‘rofiyani yaxshi bilsangiz kerak?!
— Yo‘q! Men hali Jug‘rofiyaga bormadim. Lekin, yaqinda u yerga ham borishni rejalashtirganman, - dermish haligi odam.
Ikki ovchi o‘rmonda ov qilib, o‘qlari tugab uyga qaytayotsa yo‘llaridan bir sher chiqib qolibdi. Shunda ikkovi qochib daraxtga chiqib olishibdi. Biri ikkinchisiga:
— Men kitobda o‘qiganman, sher daraxtga chiqa olmaydi, - debdi.
Qarashsa sher sekin daraxtga chiqa boshlabdi.
Ikkinchisi:
— Ana chiqyaptiku, - desa
Birinchi ovchi hijolat bo‘lib:
— Menimcha bu sher o‘sha kitobni o‘qimagan bo‘lsa kerak debdi.
Qishloqdan kelgan ikkita yigit shahar avtobusiga chiqib, haydovchidan so‘rayotganmish:
— Men bu avtobus bilan Jismoniy tarbiya institutiga bora olamanmi?
Haydovchi:
— Yo‘q, - debdi.
Men-chi, men bora olamanmi? Hujjatlarimni topshirishim kerak edi-da, - dermish ikkinchi.
Bir yigit muzeyda tarixiy ko‘zani sindirib qo‘yibdi. Muzey xodimi:
— Bilasizmi, siz XII asr topilmasini sindirib qo‘ydingiz!
— Xayriyat eski ekan, - debdi yigit.
Vrach unga bepushtlik deb tashhis qo‘yganda, u shu qadar tushkunlikka tushdiki, bu gapni homilador xotiniga qanday aytishni bilmasdi.
Afandi bog‘chasiga o‘tqazgan ko‘chatlarini har kuni kechqurun ko‘chirib, uyiga olib kirib ketar edi. Bu ahvolni qo‘shnilari ko‘rib:
— Afandi, bu nima qilganingiz? - deyishdi.
— O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma, - dedi Afandi.