Ozbekona haqida latifalar

Messidan bir oʻzbek jurnalisti intervyu olibdi:
— Nega siz kutilmaganda bizning futbol jamoamizga oʻtdingiz?
Messi javob beribdi:
— Bu yerda yaxshi ekan! Koptokni xohlagan tarafga tepsa boʻlarkan...
Kollejda dars jarayoni:
— Eshmatov, nega vazifani bajarmading?
— Men Yoshlar Ittifoqi bilan tadbir qilyapmiz. Tayyorgarlikda edim. Tavsiya qilishsa, talaba bo‘laman.
— Tushunarli, o‘tir! Toshmatova, vazifani bajardingmi?
— Nashriyotga borgandim. She’riy kitobim chiqyapti. Zulfiyachilarga imtiyoz bor ekan. Xudo xohlasa, talaba bo‘laman.
— Yaxshi, o‘tir. Ha Abdurayim, kech qolibsan!? Vazifaniyam bajarmagandirsan?
— Endi dars qilishim shart emas. Dadam harbiy. Deyarli talabaman.
— Kir, joyinga o‘tir. Soliyev?
— Ustoz, avval ham aytganman. Kollejni bitirib olsam, dadam bilan Rossiyaga ketaman.
— Sen-chi?
— Ustoz men IELTS o‘qiyapman.
— Hech kim vazifani bajarmadimi?
—Ustoz, talaba bo‘lishga joy qolmadi. Siz ham dars o‘tib ovora bo‘lmang, qiynalmang deymiz...
— Kelishdik, shovqin qilmay o‘tiringlar. Komissiya kelarkan. Mana bu hujjatlarni to‘ldirib qo‘yay...
Bir o‘zbek futbolchimizdan so‘rashibdi:
— Nega o‘yin vaqtida buncha ko‘p gapirasiz?
U debdi:
— O‘yinchilarimiz chet tilini bilmaydi. Shuning uchun raqiblarimiz qanday taktika qo‘llab o‘ynayotganini ularga tushuntiraman.
Futbolchilar maydonga mamlakatni shon-sharafini himoyalaymiz deya baland parvoz gap bilan chiqishdi, aslida esa oddiygina futbol o‘ynasalar yetardi.
Ikkita turist o‘rmonda aylanib yursa, oldidan bahaybat ayiq chiqib quvlab ketibdi. Qo‘rqqanidan qochib ketayotgan turistlar, o‘rmonda ziyofat qilib o‘tirgan o‘zbek yigitlarini dasturxonini vayron qilib o‘tib ketishibdi. Shunda o‘zbeklardan biri turistlarni quvlab ketibdi. Ularga yetib olib, bir mushtdan tushirib qaytib kelsa, boshqa o‘zbek so‘rabdi:
— Qani ular?
— Urib keldim. O‘zi nimadan qochishdi?
— Nimadan qochishganini bilmadim-u, lekin anavi jigarrang, katta sherigi ham bor ekan. Kaltakka chidar ekan, zo‘rg‘a yiqitdim, - dermish.
Ikki do‘st suhbatidan:
— Qariyalarimiz aytishadi-ki, avvalgi o‘zbek kinolarini ko‘rgan odamlar, o‘zlariga kerakli xulosalarni chiqarishar ekan. Hozirgilari esa unaqa emas!
— Bo‘lmagan gap! Masalan, men kecha bir kino ko‘rdim... Boshqa umuman o‘zbek filmlarini ko‘rmayman degan xulosaga keldim.
Bir yosh cho‘pon o‘rtog‘iga qarab debdi:
— Agar nechta qo‘yim borligini aytsang, ikkalasini ham senga beraman.
Xotin:
— Dadasi to‘ydan keyin rohat farog‘atda yashaysan degandingiz!?
Er:
— Mahallamizni nomi nima?
Xotin:
— Rohat.
Er:
— Ko‘chamizni nomichi?
Xotin:
— Farog‘at.
Er:
— Ana ko‘rdingmi xotin?!
Institutda o‘qituvchi talabaga qarab:
— Darsga yana tayyormasmiz deng!
— Ha, domlajon...
— Kechasi bilan televizor ko‘rib chiqqanmiz demak...
— Shunaqa...
— Institutga ham hurmat yo‘q deng!
— ...
— Davlatni pulini yeb yotibmiz deng!
— Uzr domlajon. Meni sizni bilmadim-u, meni hali ota-onam boqyapti...