Uddaburonlar haqida latifalar

— Hoy egachi, o‘g‘lingizni uylantiribsiz. Bunday chiroyli ham aqilli qizni qayerdan topdingiz?
— Voy o‘rgilay... Institut darvozasi oldida tursam, bir to‘da qizlar chiqib kelishyapti. Shunday oldiga borib, chiroylilar chapga, aqllilar o‘ngga o‘tsin dedim. Hammasi o‘tdi. Faqat bitta qiz u tarafdan bu tarafga yugurib o‘ta olmay turgan edi. Undan so‘radim:
— Nega bir tarafga o‘tmayapsan? – desam, u qiz:
— Bir o‘zim har ikkala tarafga qanday o‘ta olaman? – dedi. Keyin shu qizni kelin qildim.
Bog‘dagi daraxtlardan olma o‘g‘rilyotgan bolakay qo‘lga tushib qolibdi.
— Hozir men senga o‘g‘rilik qilishni o‘rgatib qo‘yman!!! – deb bog‘bon bolani quvlab ketayotsa, bolakay shartta to‘xtab:
— Iltimos amaki, o‘rgating. 3-martta qo‘lga tushishim. Hecham o‘rgana olmayapman bildirmay olmalarni olishni, - dermish.
Fil yo‘lda ketayotsa, yo‘lidan chumoli chiqib qolibdi.
— Qayerdan kelyapsan chumoli? – debdi.
— Tog‘dan, - debdi chumoli.
— Tog‘da o‘t-o‘lanlar qanaqa ekan? – so‘rabdi fil undan.
— Tizza bo‘yi, - debdi chumoli.
Sinf rahbari o‘quvchilarga:
— Ertaga sinf xonasini ta’mirlashga 50 ming so‘mdan olib kelinglar, - desa, o‘quvchilar:
— Ustoz, nega buncha qimmat? – deyishibdi.
Shunda ustozi:
— 30 ming so‘mni menga berasizlar, qolgani o‘zingizga. Ota-onangizga 50 mingdan yig‘dim deb aytaman, - debdi.
O‘quvchilar bir ovozdan:
— Kelishdik, ustoz! – deyishibdi.
Onasi:
— Nega kundaligingda faqat 2 va 3 baholar turibdi. 5 olasanmi o‘zi yo yo‘qmi?!
Bola:
— Axir 2 ga 3 ni qo‘shsak 5 ku oyijon!
Boyib ketish niyatida tadbirkor bo‘lishni reja qildim. Biznes reja ham ishlab chiqdim. Keyin bilsam, soliq kodeksida men uchun rejalar allaqachon yozib qo‘yilgan ekan.
Buyurtmachi tayyor binoni qabul qilib olayotib 50 metr yerga qazib qurilgan quduqni ko‘rib qolibdi. Quduqni atrofini g‘isht bilan o‘rab, oxiriga katta chiroq ham o‘rnatilgan emish.
— Bu nima? – deb so‘rabdi prorabdan.
— Mana siz bergan loyiha chizmasi bo‘yicha qurdik, - deb chizmani uzatibdi prorab.
Buyurtmachi chizma tushirilgan qog‘ozni 180 graduska aylantirib:
— Axir bu 50 metrli minora edi-ku! – degan ekan.

Erning 8 mart kuni ayoliga aytayotgan so‘zlariga:
Xohlaysangmi? Senga oyni sovg‘a qilaman! Istasang yulduzlarni, quyoshni, sayyoralarni, dengiz-u daryolarni sovg‘a qilaman!
So‘rayver! Pul to‘lanmaydigan hamma narsalarni so‘rayver!

Bolakay otasidan so‘rabdi:
— Dada, 2 ta savol bersam maylimi?
— Mayli, so‘ra!
— Birinchisi - menga yangi o‘yinchoq olib berasizmi? Ikkinchisi - nimaga yo‘q?
Bir kuni ikki kishi bitta sigirni talashib qolibdi. Sigir kimniki ekanini aniqlash uchun qoziga murojat qilishibdi. Ikki kishi bo‘lsa sigirni bir u tomonga, bir bu tomonga tortarmish. Qozi bo‘lsa o‘rtada sigirni sutini sog‘ib turgan ekan.